O‘zbekistonda imomlar suitsidga qarshi targ‘ibotga jalb etildi
Toshkentdagi “Siroj Solih” jome masjidining mutavallilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda xudkushlikka qarshi va’zlar O‘zbekiston Musulmonlar idorasi va Din ishlari qo‘mitasi topshirig‘i bilan o‘qilayotganini aytdi.
- Faqat bizni masjidda emas, hamma masjidlarda joniga qasd qilish masalasida ma’ruzalar bo‘lyapti, bu juma ham bo‘ldi, oldimizdagi juma ham o‘qiladi. Diniy qo‘mitadan shunday topshiriq bo‘ldi. Chunki jonga qasd qilish ko‘paygan. Endi Islom dinida bu qoralanadi. Bu imon zaifligi belgisidir. Odamlarga buni harom ekanini tushuntiringlar, deb bizga topshiriq bo‘ldi, - deydi “Siroj Solih” masjidi mutavallisi.
O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida esa imomlar uyma uy yurib o‘zini o‘ldirish gunoh amal ekanini odamlarga tushuntirmoqda.
- O‘zini o‘ldirish Alloh taolo omonat qilgan jonni yo‘q qilishlikdir. Alloh bergan omonatga xiyonat qilishga hech kimning haqqi yo‘q deb, odamlarga juma namozida, qolgan paytda uylariga borib tushuntiryapmiz, mahallada aholini yig‘ib bu yomon amal ekanini aytayapmiz, - deydi ismi sir qoltshi sharti bilan Ozodlikka gapirgan farg‘onalik imom.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Din ishlar qo‘mitasining Islomiy diniy tashkilotlar va imom xatiblar bilan ishlash bo‘limi mulozimi masjid imomlariga jonga qasd qilishga qarshi juma namozlarida va’z o‘qish haqida topshiriq berilganini tasdiqladi.
- Oxirgi ikki oy ichida jonga qasd qilish yuqori bo‘lgani uchun juma ma’ruzalarini shu mavzuda olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berganmiz. Bizga statistika berilmadiyu, lekin o‘z joniga qasd qilish oxirgi ikki oy davomida ko‘tarildi, degan ma’lumot berildi. Shu o‘rinda aniqlik kiritmoqchiman, imomlarga uyma-uy yurib tashviqot olib boringlar demaganmiz. Imomarni yig‘ib, uyma-uy yurasan, degan gap bo‘lgani yo‘q. Faqat shu emas, diniy nuqtai nazardan maqolalar chop etamiz. Diniy ulamolarning suitsidga qarshi sotsial roliklarini ham chiqaramiz, - deydi Din ishlar qo‘mitasi mulozimi.
Ozodlik o‘tgan ikki oy ichida O‘zbekistonda beshta suitsid xolati haqida xabar bergan edi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.
Ammo, kuzatuvchilar xudkushlik amallari rasmiy raqamlarda qayd etilganidan ancha ko‘pligini aytadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham o‘tgan yil hukumat majlisida "o‘z joniga qasd qilish holatlari soat sayin ortib borayotgani"ni aytgandi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har 40 soniyada dunyoda 1 kishi o‘zini o‘ldirishi barobarida 20 kishi o‘z joniga qasd qilishga urinadi.