Toshkentlik yolg‘iz ona “samosud” qurboni bo‘lganini iddao qildi
Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, "Mazkur ish joriy yil 4 dekabrida nazorat tartibida o‘rganilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan".
Husanovaning iddaosiga ko‘ra¸ tahqirlash ikki farzandi ko‘z o‘ngida bo‘lgan va bu manzara bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilgan.
Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan Sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosining Baxtiyor Abdaxatov imzolagan 5457 raqamli xulosasida Husanovaga “yengil jarohat yetkazilgani” qayd qilingan.
Hujjatda yozilishicha¸ Husanovaning sochi mashinkada olingan va tirsak¸ yelka, bilak hamda ikkala sonida qontalash¸ shilinma va tish izlari bor.
Shahzoda Husanova voqea yuzasidan Yunusobod tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgani ammo "ish ataylab paysalga solib chora ko‘rilmayotganini" iddao qilib, Ozodlikka bunday dedi:
- Shuncha kundan beri bu ish e’tiborsiz yotibdi. Meni kaltaklagan ayollar esa telefon qilib yana tahdid qilishmoqda.
Yunusobod tuman IIB vakili Ozodlik bilan suhbatda Husanovaning uyiga uch ayol kirib kaltaklagani bo‘yicha ariza ro‘yxatga olinganligini aytish bilan kifoyalandi.
- Ish profilaktika inspektori Doston Majidov ish yurituvida. Ammo bu yuzadan jinoyat ishi ochilmadi.
Toshkentlik huquqshunos Umid Davletov, Husanovaning ishi tafsilotlarini eshitgach, Ozodlikka aytishicha, bu holatda IIB vakilining ishni paysalga solishi yoki jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilishga asosi yo‘q:
- Agar birovning uyiga bostirib kirib, unga tan jarohat yetkazib, mol-mulki talon-taroj qilingan bo‘lsa¸ bunday holatda jinoiy javobgarlik masalasi hal qilinadi. Ya’ni bosqinchilik jinoyati. Bu holatda bosqinchilik qilganlar uchun ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilishi lozim.
Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha "Mazkur ish joriy yil 4 dekabrida nazorat tartibida o‘rganilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan".
Nega toshkentlik ayolning sochini olishdi?
Ozodlikda Shahzoda Husanovaning uyiga bostirib kirgan uch nafar ayol haqida batafsil ma’lumotlar bor. Aybsizlik prezumpsiyasidan kelib chiqib ularning ismi oshkor qilinmaydi.
Yolg‘iz ona maqomida yashayotgan Shahzoda Husanovaning aytishicha¸ u Telegram kanalida T. Sh. ismli yigit bilan yozishgan.
Bu yozishmalardan xabar topgan T.Sh. ning xotini M.N. va yana ikki ayol Husanovaning uyiga bostirib kirgan.
Ozodlikda nusxasi bo‘lgan Yunusobod IIB F-2 ish jildiga tikilgan bayonnomaga ko‘ra¸ bostirib kirgan uch ayol Husanovani urib, yerga yotqizgan. O‘zlari bilan olib kelgan mexanik soch olish mashinkasida Husanovaning sochini olishgan. Husanova kaltak zarbidan xushsiz bo‘lib qolganidan keyin oltin taqinchoqlarni olib, uydan chiqib ketishgan.
Husanovaning Ozodlikka aytishicha¸ u kaltak asnosida xushidan ketib yiqilgan:
- Xushimga kelgach 02 ga telefon qildim. Saidazim degan inspektor kelib arizamni rasmiylashtirdi¸ deydi o‘zini “samosud” qurboni bo‘lganini iddao qilgan Xusanova.
Toshkentlik huquqshunos Umid Davletovga ko‘ra¸ O‘zbekiston qonunchiligida “samosud” jinoyati nazarda tutilmagan:
- Qonunchilikda “samosud” jinoyati aynan malakalanmagan. Agar biror kishi boshqa kishiga jazo qo‘llasa bu bosqichma- bosqich malakalanadi. Tan jarohati yetkazish¸ bosqinchilik va hokazo.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik A. Allamuradov joriy yilning noyabrida mahalliy matbuotga bergan suhbatida mamlakatda “samosud” – vatandoshlarning o‘zboshimchalik bilan jazoga tortilishi holati ko‘payib borayotganini salbiy baholagan edi.
IIV vakiliga ko‘ra, aybi bor yoki yo‘qligini bilmasdan, o‘zboshimchalik bilan shaxslarni jazolash harakatlari Jinoyat kodeksining 229-moddasiga (O‘zboshimchalik) ko‘ra ta’qib etiladi.
IIV vakili “samosud” qilayotganlar jazosiz qolmasligiga misol sifatida bir necha oy avval Farg‘ona shahrida yuz bergan voqeani keltirgan. Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda to‘rt-besh nafar yigit boshqa bir yigitni geylikda ayblab jazolayotgani aks etgan video tarqalgan edi.
Podpolkovnik A. Allamurodovga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga ochilgan tergov yaqinda yakunlangan va jinoiy ish sudga topshirilgan.