Diniy vaziyatdan prezidentga shikoyat qilgan sobiq imom O‘zbekistonni tark etdi (AUDIO)
Bu haqda 32 yashar Fazliddin Parpiev 19 dekabrda o‘zining Facebook sahifasidagi videomurojaatida e’lon qildi.
Fazliddin Parpiev 7 sentabr kuni prezident Mirziyoevga videomurojaat bilan chiqib, O‘zbekiston huquq-tartibot organlarini fuqarolarining diniy erkinliklarini poymol etayotganlikda ayblagan va bir kun o‘tib ishdan haydalgan edi.
"Millatchilik"
Yaqinlariga ko‘ra, Fazliddin Parpiev 17 dekabrda Saudiya Arabistonidan Umra ziyoratidan qaytgan.
Parpiev yetib kelganidan ikki soat o‘tib, uning Chilonzordagi uyiga Toshkent shahar, Uchtepa tuman IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi tezkor xodimlari kirib kelgan.
O‘zlarini "Shokir" va "Sherzod" deb tanishtirgan tezkor xodimlar sobiq imom bilan mahalladagi uchastka noziri xonasida savol-javob qilgan.
Yaqinlarining savol-javobdan so‘ng Parpievning o‘zidan eshitganlariga tayanib, qilgan iddaosiga ko‘ra, tezkor xodimlar Fazliddin Parpievdan ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lmaslikni talab qilganlar.
Ular Fazliddin Parpievning ijtimoiy tarmoqlarda "millatchilik kayfiyatidagi postlarni joylashtirayotganiga" e’tibor qaratganlar.
Xususan, "Shokir" va "Sherzod" uning 26 noyabrda Facebook sahifasiga "Soqol qo‘ysangiz ruschani ham o‘rganib oling" sarlavhasi bilan bitgan posti millatchilik sifatida tasniflanishi mumkinligini aytganlar.
Postda Fazliddin Parpiev O‘zbekistonda "o‘zbekdan boshqa millat vakillariga soqol qo‘yishga hech qanday monelik yo‘qligini" iddao qilgandi:
"Oddiy insonlar ham bilishadi o‘zbekdan boshqa millat vakillariga soqol qo‘yishga xech qanday monelik yo‘qligini. (ular tap tortmay qo‘yib yurishadi. Xech qanday taqiq yoki hadik sezishmaydi). Balki bu odatiy hol dersiz, lekin negadir talabalik davrimda (soqolimni har kuni o‘qishni talabi bilan qirtishlab olib yurgan paytimda) bu holatga juda kam duch kelardim, deyarlik duch kelmasdim. Nima demoqchiman? Hech narsa demoqchimasman. Soqol qo‘yish qo‘ymaslik hammani o‘z imkoniyati va ixtiyoriga bog‘liq. Faqat shuni aytmoqchimanki, "soqol qo‘ysangiz, ruschani ham o‘rganib oling", deb yozgan edi Fazliddin Parpiev.
"Chaqirildik!"
18 dekabr kuni Fazliddin Parpiev o‘zi Facebook sahifasida huquq-tartibot organlaridan birining idorasiga chaqiriltirilganiga ishora qildi.
"Chaqirildik! Xo‘b boramiz. Chaqirilgan joyga borish insoniy burchimiz...," deb yozdi Fazliddin Parpiev.
"O‘zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi" rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, Fazliddin Parpiev undan Toshkent shahar prokuraturasiga birga borishni so‘ragan.
Sur’at Ikromovga ko‘ra, Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimonov sobiq imom bilan bir soatcha suhbatlashgan.
Suhbatda prokuror tezkor xodimlar talablarini takrorlagan:
- Juda xomush chiqdi. Ogohlantirilgan. Hech qaerga yozmaslik, hech qanaqa murojaatlar qilmaslik. Toshkent shahar prokurorining birinchi muovini yana shu talablarni unga qo‘ygan, - dedi Sur’at Ikromov.
Uzoqda
Fazliddin Parpiev do‘stlaridan birining aytishicha, Toshkent shahar prokuraturasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan bir necha soat o‘tib, u turmush o‘rtog‘i va ikki farzandini olib, Qozog‘iston orqali O‘zbekistondan chiqib ketgan.
18 dekabr oqshomida Facebook cahifasiga qo‘ygan postlaridan birida Fazliddin Parpiev "G‘ishtko‘prik" ("Chernyaevka") o‘zbek-qozoq chegara o‘tish punktidagi izolyatorda bir muddat ushlab turilganini yozdi.
Oradan bir necha soat o‘tib Fazliddin Parpiev O‘zbekistondan "ancha ming kilometr uzoqda tinch va xavfsiz yerda" ekanini ma’lum qildi.
"Meni bu joyda ko‘rib uchratib qoladigan birodarlarim! Iltimos sizlardan hozircha meni qaerda ekanimni hech kimga aytmang. Siz boshqalarni xotirjam qilaman, deb aytmoqchi bo‘lgan xabariz hozircha zararimga ham xizmat qilishi mumkin", deya ta’kidlaydi u.
Murojaat
7 sentabrda Fazliddin Parpiev prezident Shavkat Mirziyoevga videomurojaat bilan chiqib, O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlarini, o‘z ta’birida, "xalqni prezidentga qarshi qayrashda" ayblab chiqdi.
Imom o‘z murojaatida O‘zbekistonda diniy erkinliklar buzilayotganini iddao qildi.
Fazliddin Parpiev huquq-tartibot organlari xodimlarini so‘nggi paytlarda, prezident siyosatiga xilof ravishda, mamlakat fuqarolarining Konstitutsiyada belgilangan diniy erkinliklarini poymol etayotganlikda aybladi.
Bu chiqishidan bir kun o‘tib Fazliddin Parpiev ishdan olindi.
"Noshukur"
12 sentabrda O‘zbekiston musulmonlari idorasining raisi Usmonxon Alimov mamlakat imomlari bilan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, mamlakatdagi diniy vaziyatdan shikoyat qilgan Fazliddin Parpievni noshukurlikda aybladi.
Muftiy "Omina" masjidining imomi kabi dunyoqarashga ega diniy faollardan o‘z joylarini bo‘shatib qo‘yishni so‘raydi:
"Minbardan chayonni chiqarib emas, ziyoni chiqarib ishlaydigan bo‘lsang ishla! Ishlamaydigan bo‘lsang, katta yo‘l, marhamat! Yurtimizda bo‘layotgan bunaqangi katta davlatning berayotgan e’tiboriga noshukurlik bilan qaramagin. Qaraysanmi, marhamat joyingni bo‘shatib qo‘ygin".
19 dekabr kuni Fazliddin Parpiev Facebook sahifasi orqali o‘zining navbatdagi videomurojaatini chiqardi.
Videomurojaatida u O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lganini aytgan:
- Yurtni tark etib, chiqib ketdim. Shunga majbur bo‘ldim. Ishoralar, ba’zi bir narsalar uje bizga hech bir.. Orqaga qarab hech bir umid qiladigan narsa kamroq qoldi, ya’ni ko‘proq oldinga yurish kerak. Shu tinchroqligi ravshan bo‘lib qoldi. Jonimni saqlash, oilamni saqlash. Bo‘ldi bu yog‘iga mening qo‘limdan ko‘p narsa kelmaydi. Demak, men "Allohim o‘z himoyasiga olmasa qiyin bu yog‘iga" dedim va chiqib ketdim, - dedi Fazliddin Parpiev.