“O‘zavtoasanoat” Peugeot Citroen zavodi ishga tushmaganini tan oldi
Bayonotga ko‘ra¸ “O‘zavtosanoat” AJ va “PSA Groupe” kompaniyasi o‘rtasida Jizzaxda avtomobil ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish “loyihasi amalga oshirilmoqda”.
“Hozirda ob’ektda qurilish-montaj ishlari yakuniga yetmoqda. Texnologik va muhandislik jihozlari yetkazib berilishi bo‘yicha tegishli kontraktlar tuzilgan”¸ deyilgan rasmiy xabarda qo‘shma korxonada nega hanuzgacha “texnologik va muhandislik jihozlari” o‘rnatilmaganiga izoh berilmaydi.
17 dekabr kuni Ozodlik Jizzax erkin industrial zonasi hududida 10 dekabrgacha ishga topshirilishi va’da qilingan «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» zavodida qurilish ishlarining to‘xtab qolgani haqida xabar bergan edi.
Bu jarayonga bevosita aloqador Jizzax va Toshkentdagi mulozimlar¸ qurilishning pul yo‘qligidan to‘xtab qolgani¸ pul yo‘qligiga esa¸ fransuz tomonining loyiha istiqboliga shubha bilan qarayotgani ortidan o‘z sarmoyasi uchun muayyan kafolatlar talab qilayotgani sabab ekanini bildirgan edi.
“O‘zavtosanoat” rasmiy bayonotida¸ aniq ma’lumot berilmagani holda¸ Fransiyaning PSA Groupe korporatsiyasi bilan muzokaralar hali ham davom etayotgani e’tirof qilingan.
“Boshlang‘ich ma’lumotlardagi ba’zi ko‘zda tutilmagan o‘zgarishlar munosabati bilan, sheriklar loyiha konsepsiyasini o‘zgartirish va iqtisodiy parametrlarni optimallashtirish ustida hamkorlikda ishlamoqdalar”¸ deyiladi “O‘zavtosanoat” bayonotida.
Ayni paytda¸ “O‘zavtosanoat” fransuz tomoni loyiha konsepsiyasiga qanday o‘zgartish kiritishni so‘ragani haqida ham izoh bermagan.
Ozodlik bilan bu loyiha haqida gaplashgan “O‘zavtosanoat”ning shaxsi ochiqlanmasligini istagan mulozimi¸ PSA Groupe O‘zbekistonga kiritishi ko‘zda tutilgan sarmoya va texnologiyasi uchun bir necha yuz million dollarlik moliyaviy kafolat talab qilayotganini aytgan edi.
Bu mulozim¸ kafolat masalasi hal etilmagunga qadar¸ “fransuzlar O‘zbekistonga biror jihoz ham olib kirmasligini” ta’kidlagan edi.
Loyihaning kechikayotgani va tomonlarning “loyiha konsepsiyasini o‘zgartirish” ustida ishlayotgani haqidagi rasmiy xabardan bu masala hanuzgacha o‘z yechimini topmaganini taxmin qilish mumkin.
Ozodlik 19 dekabr kuni “O‘zavtosanoat” matbuot xizmatiga «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasining ishga tushirilishi uchun belgilangan yangi muddat bormi - u qachondan ish boshlaydi? degan savol bilan murojaat qildi. Hozircha bu savolga ham davlat aksiyadorlik kompaniyasidan javob berilganicha yo‘q.
2017 yilning 16 may kuni «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati Fransiyaning «Peugeot Citroen Automobiles S.A» kompaniyasi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida, ustav jamg‘armasi, ekvivalenti 29,3 mln yevro miqdoridagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolanganini xabar qilgan edi.
Bitim imzolangani aytilganidan bir oy o‘tib-o‘tmay 2017 yilning 13 iyun kuni Shavkat Mirziyoev “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi “ Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” korxonasini tashkil etish to‘g‘risida” maxsus qaror chiqargan edi.
Qarorda «Jizzax» erkin industrial zona hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish uchun O‘zavtosanoat»ga 45 ga yer maydoniga ega yer uchastkasini ajratish¸ bu zavodni qurishga tendersiz tanlangan «Avtosanoat-Injiniring» MChJ¸ «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ¸ «12-trest» MChJga “O‘zavtosanoat” bilan bir qatorda “qurilish davrida ishlar hajmi va xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etish” kabi qator maxsus imtiyozlar berilgan edi.
Umumiy narxi 133,3 mln yevroga teng deb e’lon qilingan bu investitsion loyiha¸ mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan¸ Markaziy Osiyodagi noyob proekt sifatida ko‘z-ko‘z qilina boshlandi.
Qurilishning borishini bir emas¸ ikki marta shaxsan o‘zi borib ko‘rgan prezident Mirziyoev 2017 yil noyabrida 2018 yilning 10 dekabridan yangi zavoddan avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni topshirgan edi.