Eshik yoki to‘siq? Toshkent YeOII chegarasida Ostona bilan yirik logistika markazi qurmoqda
Bu markazga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlab 10 - aprelda o‘tkazilgan marosimga ikki qo‘shni davlat hukumat rahbarlari qatnashdi.
Ikki qo‘shni o‘rtasida “sanoat va savdo-logistik” markaz qurishga qanday zarurat bor edi? Bu markaz qurib bitkazilsa, nima o‘zgaradi? Markazning qurilishi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi uchun qurilayotgan "eshik" emasmi? Ozodlik bu savollarni iqtisodiy tahlilchi, O‘zbekiston hukumatiga yaqin tadbirkor hamda eksport-import bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlarga berdi.
Toshkent Ostona bilan bitta markaz qurmoqchi
“Markaziy Osiyo” XSIHM qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Askar Mamin ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri matbuot xizmatining xabar qilishicha, “Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu loyiha nafaqat ikki tomon uchun samarali bo‘ladi, balki mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga ham qo‘shimcha turtki beradi”.
Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabarida qurilishi kutilayotgan markaz haqida ma’lumot ko‘proq. Ya’ni “Markaziy Osiyo” XSIHM “sanoat va savdo-logistik” markazdir; u 400 gektar maydonni egallaydi, bir sutkada 35 ming yo‘lovchi va 5 ming yuk mashinasiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘zaro savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish masalasi ustida ishlamoqda. Bugun boshlanayotgan loyiha ushbu maqsadga erishishda yordam beradi va ikkala mamlakatning har tomonlama strategik hamkorligini mustahkamlashda ko‘maklashadi”, - degan Qozog‘iston Bosh vaziri Askar Mamin.
Markaz qachon qurib bitkazilishi to‘g‘risida na O‘zbekiston va na Qozog‘iston hukumati xabar qildi. O‘zbekiston hukumatiga yaqin yirik tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, markaz joriy yil oxirigacha qurib bitkazilishi kutilmoqda.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, “Markaziy Osiyo” XSIHM qurilishini boshlab berish Abdulla Aripovning Qozog‘istonga safari kun tartibidagi masalalardan biri bo‘lgan. Uchrashuvda “ikki tomonlama hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalari ishtirokida ishchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi”.
O‘zbek-qozoq chegarasidagi shu kundagi ahvol qanday? Chegaradan yuk olib o‘tuvchilarni joriy vaziyat qoniqtiradimi? Markazning qurilishi eksportchi-importchi tadbirkorlar uchun qanday qulaylik yaratishi mumkin?
Pessimist tadbirkor fikri
Bu savollarni Ozodlik Qozog‘istonga va bu mamlakat orqali Rossiyaga meva-sabzavot eksport qiluvchi va asosan Rossiyadan yog‘och-taxta import qiluvchi andijonlik tadbirkorga berdi.
“Siz aytayotgan logistik markazning nimaligini, to‘g‘risi tushunolmay turibman. Lekin nima bo‘lgandayam o‘sha markaz qurilib qolsa, sarf-harajatlarimiz bir necha barobar oshib ketsa kerak, deb o‘ylayman. Virus tufayli bir necha oydan beri ish qilolganim yo‘q. Lekin virus boshlanguncha, refrijeratorlarda meva-sabzavot chiqarardim. Rossiyadan les opkelardim. Chegarada qozoqnikiyam, o‘zimiznikiyam dolyasini oladi. Odatda, men yukni o‘zimizning territoriyadan chiqarib qo‘yishni, sheriklarim esa, Qozog‘istonning chegarasidan O‘zbekistonga o‘tkazib qo‘yishni, ya’ni rasxodlarini bo‘ynimizga olamiz. Bilmadim, nima maqsadda qilishyapti markazni, lekin menimcha, chegaradagi korrupsiyani yo‘qotsa kifoya edi”, - dedi ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan andijonlik tadbirkor.
Optimist tadbirkor fikri
Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaradosh Orenburg viloyatida yashaydigan o‘zbekistonlik tadbirkor Ravshan hojining fikricha, Ostona bilan Toshkent qurishni boshlaganga o‘xshaydigan logistik markazlar kerak va bunday markazlarni samaralik tadbirkorlar o‘zlari qurish taklifini o‘tgan yilning kuzida bildirgan:
“O‘zbekistondan chiqadigan mahsulotlarning katta qismi “skoroport”lar (tez aynuvchi). Bunday mahsulotlar uchun oraliq logistik markazlar, ularda katta xolodilniklar kerak. Agar Qozog‘istonning chegarasida shunday markaz qurilayotgan bo‘lsa, buni olqishlash kerak. Samara viloyatilik tadbirkorlar o‘tgan yili O‘zbekistonga logistik markaz qurish taklifi bilan murojaat qilganini bilaman. Biz markazni quramiz, shunga pul tikamiz, sizlar esa, meva-sabzavotni bizga yuborasizlar, deb taklif qilishgan”.
Ravshan hojining aytishicha, o‘tgan yilning kuzida Andijon viloyati rahbarlari Orenburgga amaliy safar bilan borganda ham mahalliy tadbirkorlar shunday taklifni o‘rtaga tashlagan.
“O‘sha gaplardan ishga o‘tildimi-yo‘qmi, xabarim yo‘q”, - dedi Orenburg viloyatida yashaydigan o‘zbekistonlik tadbirkor Ravshan hoji.
G‘ishtko‘prikning u yog‘i - YeOII
Ma’lumki, Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) a’zosi. Armaniston, Belarus, Rossiya va Qirg‘iziston ham kiruvchi bu mintaqaviy iqtisodiy integratsiyalashuv tashkilotiga O‘zbekistonning ham qo‘shilish ehtimoli to‘g‘risida keyingi paytlarda ko‘p gapirildi.
Chegarada qurilayotgan yirik logistika markazi O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilish yo‘lidagi navbatdagi qadam emasmi?
Bu savolga O‘zbekiston hukumatiga yaqin yirik tadbirkor “Yo‘q”, deb javob berdi. Uning aytishicha, qurilishi kutilayotgan logistik markaz yirik oldi-sotdi maydoni – bozor bo‘ladi.
“Hozircha O‘zbekistonning YeOIIga to‘laqonli a’zo bo‘lishi haqida gap yo‘q. Chegarada logistik markazning qurilayotgani ham buning tasdig‘idir. Agar Ittifoqqa Toshkent a’zo bo‘ladigan bo‘lsa, bunday markazning umuman keragi bo‘lmas ediku?!”, - dedi tadbirkor.
Uning aytishicha, chegaradagi markazni qurish tashabbusi Qozog‘iston tomonidan chiqqan. Biroq bu gapning rasmiy tasdig‘i yo‘q. Ayni paytda ikki davlat hukumatlari yetakchilari uchrashuvida avtomobilsozlik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Turkiston-Chimkent-Toshkent temir yo‘l magistralini qurish loyihalariga alohida e’tibor qaratilgani to‘g‘risida Qozog‘iston hukumati xabar qildi.
Qozog‘iston tomoni, shuningdek, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida $22,5 mln. investitsiya yotqiziladigan ishlab chiqarish quvvati 67 ming tonnalik uchta ulgurji-taqsimlash markazi ochish orqali Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida tovar ishlab chiqaruvchi yagona tizim yaratishga qiziqish bildirgan.
Iqtisodchi olim Saparboy Jubayev bir paytning o‘zida ham o‘zbekistonlik, ham qozog‘istonlikdir. O‘zbekiston hukumatining hozirda Qozog‘istonda yashayotgan sobiq mulozimi qurilishi boshlangani aytilayotgan markaz haqida fikr bildirarkan, bunday dedi:
"So‘nggi 4 yilda Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasida savdo, avtomobil ishlab chiqarish va boshqa soxalarda katta iqtisodiy va investitsion rejalar amalga oshirildi. Mana shunday sharoitda, albatta, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda qurilayotgan markazning ahamiyati katta".
Ostona-Toshkent savdo-iqtisodiy munosabatlarining rivojlanayotganiga dalil sifatida Jubayev "O‘zbekistonda "Tenge bank"ning faoliyatini va Qozog‘istonda Ravon avtomobillarining ishlab chiqarilishini aytsak bo‘ladi", - dedi.
Iqtisodchi olim Toshkent-Ostona savdo-iqtisodiy munosabatlari, asosan hukumatlararo munosabatlar darajasidan pastga tusholmayotganiga e’tibor qaratib, "bunday tadbirlarni faqat hukumat mulozimlari emas, oddiy tadbirkorlar ham amalga oshirishi uchun ikki davlat o‘rtasida savdo erkinliklariga yo‘l ochish kerak", deydi.
Saparboy Jubayevning fikricha, sun’iy to‘siqlarni, boj cheklovlarini olib tashlash zarur:
"Chegara savdosiga sun’iy cheklovlar o‘rnatish, oddiy tovarlarning ma’lum miqdordan ortiq olib o‘tishiga taqiqlar - bularning barchasi qurilayotgan erkin Markazning rivojlanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin".
Saparboy Jubayevning fikricha, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga to‘siq bo‘ladigan yana bir omil bor:
"Ikki qardosh qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi erkin savdoning rivojlanishiga Qozog‘istonning YeOII va Jahon savdo tashkilotiga (JSO‘) a’zoligi, O‘zbekistonning esa, bu tashkilotlarga a’zo emasligidir. Buning oqibatida bojxona tariflarida va umuman savdo tartiblarida har-xillik bor va ikkala tomon shu masalalarni hal qilib olishi kerak".
YeOII va O‘zbekiston
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk shu yilning yanvarida Moskvada bo‘lib o‘tgan an’anaviy "Gaydar Forumi"da O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishiga ishonishini bildirgan edi:
“Biz O‘zbekistonni ittifoq a’zosi sifatida ko‘rishga ishonamiz va barcha a’zolar bunda ko‘mak beradi. Rossiya ham bu masalada O‘zbekistonga yordam beradi”, - deb aytgan Rossiya hukumati mulozimi.
2020 - yil mayida Oliy Majlis O‘zbekistonning YeOII faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etishini ma’qullagandi.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII)ning 2020 - yil 11 - dekabrda o‘tgan sammitida O‘zbekiston va Kubaga kuzatuvchilik maqomi berildi.
O‘tgan yil 29 - dekabrida parlamentga murojaatida prezident Mirziyoyev O‘zbekistonning "YeOII bozoridagi to‘laqonli ishtiroki" haqida gapirgan. O‘tgan yil boshida u tashkilotda faqat kuzatuvchi maqomida ishtirok etish haqida so‘z borayotganini aytib, O‘zbekiston "mustaqilligini qo‘ldan boy berishi" haqidagi xavotirlarni aritishga uringan.
"O‘zbekiston yaqinda Yevrosiyo ittifoqida kuzatuvchi maqomi oldi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlarini ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi zarur”, degan prezident parlamentga so‘nggi murojaatida.