Svoboda radiosi Rossiya hukumati ustidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga arz qildi
Ozodlik Yevropa mahkamasidan Rossiya sudi qarorlarining ijrosiga moratoriy belgilashni nazarda tutuvchi tezkor ta’miniy choralar ko‘rishni so‘ramoqda.
Rossiya hukumati «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda ayblab "RSE/RS" MChJ hamda uning bosh direktori Andrey Sharogoga nisbatan o‘nlab ma’muriy bayonnomalar tuzgan.
IHBESga murojaatida "RSE/RS" MChJ Rossiya hukumatining xatti-harakatlari Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 10-moddasi bilan mustahkamlangan fikr bildirish va so‘z erkinligiga xilofligi ta’kidlanadi.
Suddan ta’miniy choralarni joriy etish talab qilinmoqda, zero, agar bu ish amalga oshirilmasa "RSE/RS" MChJ va uning bosh direktori o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas darajada zarar ko‘rishi mumkin. Qolaversa, RSE/RS korporatsiyasiga tegishli Svoboda Radiosi va boshqa loyihalarning ta’qib qilinishi Rossiyadagi boshqa mustaqil OAVlar taqdiriga salbiy ta’sir etib, Kremlning ularga qarshi yanada erkin harakat qilishiga keng yo‘l ochib berishi mumkin.
IHBES tarixida, hukumatlar OAV erkinligiga daxl qilganida ta’miniy choralarni qo‘llash holatlari bo‘lgan.
2017 - yilda RSE/RS mediakorporatsiyasining Svoboda Radiosi va boshqa loyihalari Rossiya hukumati tomonidan «OAV — xorijiy agent» deb tan olingandi. Mediatashkilot o‘zini biron xorijiy davlatning «agenti» deb hisoblamasligini, chunki uning tarkibidagi OAVlar tamomila mustaqil tahririyat siyosati yuritishini bir necha bor urg‘ulagan.
O‘tgan yilning kuzida «Roskomnadzor» «OAV-xorijiy agentlar»ga barcha maqola va materiallariga maxsus belgi qo‘yish majburiyatini yuklagandi. Rossiya qonunchiligining barcha normalarini bajarib kelgan RSE/RS ushbu talabni tahririyat siyosatiga aralashishga urinish deb baholab, uni bajarishdan bosh tortdi.
«Roskomnadzor» RSE/RS ning Rossiyadagi loyihalariga nisbatan 12 - yanvardan 15 - yanvargacha 390 ta bayonnoma tuzib, ularga jami 80 million rubldan ortiq miqdorda jarima solgan.
Mazkur idora endilikda yana 130 ta bayonnoma tuzib, har biri bo‘yicha jarima miqdorini ikki baravar oshirishini e’lon qildi. "RSE/RS" MChJ tayinlangan barcha jarimalar ustidan Rossiya qonunchiligida belgilangan tartibda sudga da’vo kiritdi, biroq sud shu paytga qadar hech bir apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirgani yo‘q.
So‘nggi yillarda RSE/RS korporatsiyasining Svoboda Radiosi va boshqa loyihalari Rossiyada muttasil ommalashmoqda. RSE/RSning mamlakatdagi haftalik auditoriyasi 7 million kishiga yetgan. Rus tilidagi Svoboda radiosi saytiga 2021 - yilning har oyida 16 milliondan ortiq foydalanuvchi kirishi qayd etilgan.
Korporatsiya prezidenti Jeymi Flay IHBESga iltimosnoma kiritilishi munosabati bilan shunday bayonot berdi: «Rossiya hukumati RSE/RSni so‘z erkinligi va rostgo‘y jurnalistikadan voz kechishga majburlay olmaydi. Biz Rossiyadagi auditoriyamiz bilan qay tariqa muloqot qilishimizni «Roskomnadzor» va Kreml hal qilib berishiga yo‘l qo‘ymaymiz».
Jeymi Flay Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya hukumatining xatti-harakatlariga haqqoniy baho berishiga umid bildirishini ta’kidladi. U Kremlning harakatlarini «so‘z erkinligi va Rossiya xalqining axborot olish huquqini bo‘g‘ishga urinish» deb atadi. Flayga ko‘ra, Rossiya hukumatining qadamlari “butun dunyoda mustaqil OAVlar xavf ostida turgan hozirgi paytda ularning ahvolini badtar og‘irlashtirishi mumkin bo‘lgan xatarli pretsedentdir".