Qo‘yliq dehqon bozori O‘rtachirchiqqa ko‘chiriladi. O‘rnidan metro o‘tishi mumkin.
Toshkent shahridagi eng yirik bozorlaridan biri bo‘lgan Qo‘yliq dehqon bozori Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumaniga ko‘chiriladi.
Qo‘yliq dehqon bozori ma’muriy jihatdan poytaxt Toshkentga qarashli Bektemir tumani hududida joylashgan. Bektemir esa¸ Toshkent viloyati tasarrufidagi O‘rtachirchiqqa tutash.
Bektemir tumani hokimi muovini Botir Boboevning Ozodlikka bildirishicha, O‘rtachirchiq tumanidagi “Bektemir Nur Agro” va “Tursunov Ulug‘bek Agro” fermer xo‘jaliklariga biriktirilgan 55 gektar er maydoni yangi bozor qurilishi uchun ajratilgan.
Bozorning yangi joyga qachon ko‘chirilishi noma’lum. Bektemir tumani hokim muoviniga ko‘ra, O‘rtachirchiq tumanidagi yangi bozor qurib bitmagunicha¸ Qo‘yliq dehqon bozori ishlab turadi:
- U yerda dehqon bozori uchun 10,9 gektar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash uchun 16 gektar yer ajratilgan. Qishloq xo‘jalik maxsulotlarini ulgurji savdo majmuasi ham bo‘ladi, buning uchun 17 gektar yer maydoni ajratilayapti. Bundan tashqari avtomobillar va yo‘nalishli transport vositalari uchun joylar bo‘ladi. Jami 55 gektar yer ajratib berilgan, - dedi Ozodlik muxbiri 27 aprel kuni gaplashgan Bektemir hokimligi rasmiysi Boboev.
Ayni paytda¸ hokim muovini¸ yangi savdo majmuasining qachon qurib bitkazilishi va Qo‘yliq dehqon bozorining u yerga qachon ko‘chirilishi noma’lumligini bildirdi:
- Birinchi navbatda, qurish ishlari amalga oshiriladi. Savdo majmuasi bitkazilganidan keyin Qo‘liq dehqon bozori u yerga qo‘chiriladi. Bozor bitmagunicha Qo‘yliq bozori ishlab turadi, - dedi Bektemir tumani hokimi muovini Botir Boboev.
Hokim muoviniga ko‘ra, dehqon bozori ko‘chirilgandan keyin ham Qo‘yliqdagi buyum bozori va qurilish bozorlari o‘z joyida qoladi.
Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan Qo‘yliq dehqon bozori poytaxtning eng gavjum va arzon bozorlaridan sanaladi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, salkam 10 gektar maydonni egallaydigan Qo‘yliq dehqon bozorida 4 mingta savdo rastasi, 174 ta turg‘un savdo shoxobchasi va 120 ta do‘kon bor.
"Toshkentni Qo‘yliq bozorisiz tasavvur qilish qiyin..."
Ozodlik gaplashgan ayrim toshkentliklarga ko‘ra¸ Toshkentdagi eng arzon dehqon bozorining ko‘chirilishi haqidagi gap-so‘zlar aholi orasida yillardan beri mavjud.
Qo‘yliq dehqon bozoridan do‘kon ijaraga olib, oziq-ovqat sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan savdogarlardan biri ko‘pchilik bu bozorni O‘zbekiston poytaxti qiyofasi uchun muhim joy deb bilishini aytadi:
- Bozorni sakkiz yildan beri ko‘chirishadi. Shuncha katta bozorni ko‘chirish osonmi? Albatta¸ ko‘chirishmasa yaxshi edi. Biz ham shu yerga o‘rganganmiz, odamlar ham o‘rganishgan-da. Bizga ham¸ xaridorlarga ham noqulaylik bo‘ladi. Toshkentni Qo‘yliq bozorisiz tasavvur qilib bo‘ladimi. Shahardan uzoqqa ko‘chirsa¸ menimcha¸ u bozorga hech kim bormaydi. Kim bozor-o‘char uchun O‘rtachirchiqqa borardi, - deydi o‘zini Shoislom deb tanishtirgan savdogar.
"Qo‘yliqdan O‘rtachirchiqqa ko‘chadigan bozorga avtobuslar qo‘yiladi"
Bektemir tumani hokimi muovini Botir Boboev yangi savdo majmuasi oziq-ovqat xaridi uchun bozorga tushuvchilarga uzoqlik qilmasligi, Toshkentning "Do‘stlik" metro bekatidan O‘rtachirchiqda quriladigan yangi bozorga maxsus avtobuslar qo‘yilishi rejada borligini aytdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda¸ Qo‘yliq dehqon bozorining ko‘chirilishi¸ uning atrofidagi transport tirbandligi muammosini hal qilishiga umid qilayotganlar¸ bu rejani qo‘llab-quvvatlamoqda.
Qo‘yliq dehqon bozori ko‘chirilganidan so‘ng uning o‘rnida nima qurilishi hozircha ma’lum emas.
Toshkent shahar hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi Qo‘yliq dehqon bozori o‘rnida Qo‘yliq bilan Toshkentning "Do‘stlik" metro bekatini bog‘laydigan yerusti metrosi qurilishi rejada borligini istisno qilmadi.