Xotira va Qadrlash kuni yoniga rasman G‘alaba bayrami atamasi ham qo‘shildi (VIDEO)
![Xotira va Qadrlash kuni yoniga rasman G‘alaba bayrami atamasi ham qo‘shildi (VIDEO)](https://gdb.rferl.org/bb4147ee-0cd9-45c2-8a68-a1210540a0a9_tv_w800_h450.jpg)
1999 yildan O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlab kelinayotgan 9 may 2018 yilga kelib¸ “Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram”ga aylandi.
O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda Shavkat Mirziyoevning “Toshkent botanika bog‘ida Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri”da ishtirok etgani xabar qilindi.
“Bu yerda Ikkinchi jahon urushidagi sharoit aks ettirilgan. Okop va blindajlar qurilgan, o‘sha davr qurol-aslahalari va harbiy texnikalari namoyish etilgan. Davlatimiz rahbari ushbu ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi¸” deyiladi rasmiy xabarda jumladan.
Prezident matbuot xizmati 9 may kuni e’lon qilgan boshqa bir xabar "Prezident Shavkat Mirziyoev davlat rahbarlarini G‘alaba bayrami bilan qutladi" deb nomlandi.
Botanika bog‘i ichkarisida ham¸ tashqarisida ham "Katyusha"
Toshkent botanika bog‘i ichkarisida prezident ishtirokidagi maxsus tadbir qattiq xavfsizlik choralari ostida o‘tkazildi va unga faqat taklif qilinganlargina qo‘yildi.
Prezident qatnashgan harbiylashgan shouda "Katyusha" aytilayotgan ayni paytda¸ Botanika bog‘i ichkarisiga kirolmay¸ uning tashqarisida to‘planganlar ham gitara jo‘rligida "Katyusha" kuylashdi.
(Birinchi marta 1938 yilning 28 noyabrida ijro etilgan "Katyusha" qo‘shig‘i eng mashhur sovet qo‘shiqlaridan biri sanaladi. Bu qo‘shiq¸ Ikkinchi jahon urushi paytida sovet askarlari orasida nihoyatda ommalashgani ortidan¸ SSSRdagi reaktiv artilleriyaning jangavor mashinalaridan biriga ham "Katyusha" nomi berilgan. Butun dunyoga tanilgan bu qo‘shiq¸ sovet imperiyasi parchalanganidan keyin¸ "ruslar g‘alabasi ramzi" va SSSR ga nostalgiyani rag‘batlantiruvchi propaganda vositasiga aylantirilgani aytiladi.)
Toshkentda "O‘lmas polk"
2018 yil 9 may kuni SSSRni qayta tiklash yo‘lidagi madaniy-mafkuraviy tadbir sifatida ko‘riladigan "O‘lmas polk" aktsiyasi O‘zbekiston poytaxti va boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
Xususan¸ Georgiy lentasi va SSSR bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan Toshkentdagi bu tadbir ishtirokchilari¸ "Birodarlik qabristoni"ga yurish qildi.
"O‘lmas polk"ka chiqqanlarning hammasi harbiy orkestr hamrohligida "Smuglyanka"ni kuylamoqda. Uraaaa!" deb xabar tarqatdi bu tadbir ishtirokchilari.
Avvalroq mahalliy matbuotda "O‘lmas polk" tadbirini o‘tkazishga Toshkent shahar hokimligi ruxsat bermagani haqida xabar qilingan edi.
"O‘lmas polk"¸ harbiy parad va Georgiy lentasi bilan qorishgan Samarqanddagi tadbir
9 may kuni Samarqand shahar markazidagi Universitet xiyobonidan "Motamsaro ona" haykaliga harbiy yurish bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan orkestr sadolari ostida o‘tgan bu tadbirda ko‘ksiga Georgiy lentasi taqib¸ sovetcha harbiy kiyim kiydirilgan bog‘cha bolalari ham qatnashdi. Hokim qatnashgan rasmiy tadbirga olib kelingan bolalarni bu tarzda kiyintirib¸ O‘zbekiston uchun yot ramzlarni taqish tashabbusi aynan qaysi idora va mutasaddilarga oid ekani Ozodlikka hozircha ma’lum emas.
(1769 yili Rossiya qirolichasi Yekaterina II tomonidan eng oliy harbiy unvon sifatida ta’sis etilgan Georgiy lentasi Rossiya imperiyasi ramzi sanaladi. 2005 yildan beri¸ Moskva tomonidan Ikkinchi jahon urushida SSSR qozongan g‘alaba ramzi sifatida yangidan urfga kiritilgan bu tasmani¸ Ukraina sharqiy qismlarini ishg‘ol qilgan rossiyaparast separatchilar o‘z simvoli qilib tanlagan. Buning ortidan Georgiy tasmasi Putin Rossiyasining istilochilik loyihasi ramzi sifatida ko‘riladi va Ukraina¸ qolaversa Gruziya va Qozog‘istonda taqiqlangan.)
Motamsaro ona haykali ostiga gul qo‘yganlar orasida ko‘ksiga Georgiy lentasi taqqan "O‘lmas polk" jamoasi ham bo‘ldi.
Shu kuni Samarqand viloyat hokimligi binosi oldida harbiylarning ko‘rgazmali yurishi¸ harbiy texnika paradi va SSSRda ishlab chiqilgan mashinalar parad va ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Unda Pobeda¸ Chayka va Volga avtomashinalari ishtirok etdi.
Ozodlik suhbatlashgan samarqandliklar¸ Karimov davrida "Motamsaro ona" haykali ostiga gulchambar qo‘yish bilan cheklanib kelgan mahalliy rasmiylar bu yilgi tadbirni harbiylashtirgani va o‘z chiqishlarida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba haqida ko‘proq gapirganini bildirdi.
Ayni paytda¸ 9 may kuni mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasini yodga olib¸ haqqiga tilovat qilish uchun uning maqbarasini ziyorat qiluvchilar sonining ham odatdagidan ko‘ra ko‘proq bo‘lgani aytilmoqda.
Karimov: Ertaga paradlarni o‘tkazishdan ma’no qolmaydi!
Mustaqil O‘zbekistonning 1-prezidenti Islom Karimov davrida 9 mayni sobiq SSSR va bugungi Rossiya uslubida harbiy motivlar bilan nishonlash¸ bayram qilish to‘xtatilib¸ uning o‘rniga nafaqat Ikkinchi jahon urushi¸ balki umuman o‘tganlarni xotirlash urfga kira boshlagan edi.
2011 yilning 9 may kuni Islom Karimov Toshkentdagi "Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambar qo‘ygandan keyin mahalliy jurnalistlarga aytgan gaplarida G‘alaba kuni va harbiy paradlardan nega voz kechilganiga yana bir bor izoh bergan edi.
Islom Karimov¸ Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba bayramlarini nafaqat O‘zbekistonda o‘tkazish¸ balki Moskvadagi bu kabi tadbirlarga ham bormay qo‘ygan edi.
Bunday yondashuv¸ MDHning 2015 yilning may oyida Moskva sammitida Karimov va Atambaev o‘rtasidagi ziddiyatga ham sabab bo‘lgan edi.
Karimov yo‘qotgan harbiy paradlar nega yana O‘zbekistonga qayta boshladi?
9 mayning Shavkat Mirziyoev hokimiyati tomonidan qaytadan G‘alaba bayramiga aylantirilayotgani¸ xususan¸ ko‘cha-ko‘ylarda yana qaytadan orkestr shovqini bilan sovetcha qo‘shiqlar kuylanayotgani¸ markaziy xiyobonlarda harbiy parad va ko‘rgazmalar o‘tkazilayotgani ishtimoiy tarmoqlardagi ham o‘zbek¸ ham rus tilli guruhlarda asosan olqishlanmoqda.
Ayni paytda¸ kichik bir guruh milliy ziyolilar¸ Putin Rossiyasining imperiyani tiklash yo‘lida tanlagan ramz va madaniy tadbirlarining "Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaga hissa qo‘shgan o‘zbekistonliklarga ham" hurmat ifodasi sifatida bemalol O‘zbekistonga qaytgani xususida xavotir bildirmoqdalar.
-Bizning ota-bobolarimizni qilichdan o‘tkazgan rus harbiylariga berilgan oliy unvonning rasmiy tadbirlarda bemalol taqib yurilishi¸ SSSR bayroqlarining mustaqil O‘zbekiston ko‘chalarida yana bemalol ko‘tarilishi nafaqat xunuk¸ balki xavfli hodisadir. Agar yuqoridagilar¸ buni o‘yin deb o‘ylashayotgan bo‘lsa¸ ular o‘t bilan o‘ynashayapti. Putin Rossiya imperiyasini u yoki bu shaklda tiklashni o‘z asosiy maqsadi qilib belgilagan va Gruziya va Ukraindagi qonli voqealar uning bu maqsad yo‘lida muttasil ish olib borilayotganini ko‘rsatdi. Xalq¸ afsuski¸ tarixni bilmaydi¸ kim qayoqqa yetaklasa¸ ketaveradi. Lekin bu xalqqa yo‘lboshchilik qilayotganlar¸ ketayotgan bu yo‘lning mustaqil davlatchilik uchun tahdidli ekanini anglashi va shunga qarab¸ siyosat yurg‘izishi kerak¸ deydi jamiyatshunos¸ "O‘zbekiston demokratik tashabbus guruhi" asoschisi Iskandar Xudoyberganov Ozodlik bilan 9 may kungi suhbatda.