Qashqadaryodagi kanalda topilgan tana qismlari kimniki bo‘lgani aniqlanmoqda
24 iyul kuni Huquq-tartibot organlaridan birining Respublika miqyosidagi idorasi Ozodlikka Qashqadaryo viloyat, Chiroqchi tumanidagi "Eski anhor" kanalidan topilgan tana a’zolari kimga tegishli bo‘lgani haqida tekshiruvlar olib borilayotganini bildirdi.
23 iyulda Ozodlik "Eski anhor" kanalida inson oyoqlari topilgani haqida xabar bergandi.
Huquq-tartibot organlaridan birining Respublika miqyosidagi idorasidan olingan ma’lumot quyidagilardan iborat:
1. Chiroqchi tumani IIB navbatchilik qismining 2018 yil 01 iyul kuni soat 19:30 larda bergan xabariga ko‘ra, tumandagi Uyshun qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi “Eski Anhor” kanalidan shaxsi noma’lum murdaning chap oyoq qismi topilgan.
Mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan hodisa joyiga chiqilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan holda sud-tibbiyot va biologiya ekspertizalari tayinlanib, viloyatning barcha tuman-shahar IIB hamda Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga alohida topshiriqlar berilgan.
2. Shuningdek, Chiroqchi tumani IIB navbatchilik qismining
2018 yil 02 iyul kuni soat 10:20 larda bergan xabariga ko‘ra, tumandagi Ko‘ktosh qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi “Eski Anhor” kanalidan shaxsi noma’lum murdaning o‘ng oyoq qismi topilgan.
Mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan hodisa joyiga chiqilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan holda sud-tibbiyot va biologiya ekspertizalari tayinlanib, viloyatning barcha tuman-shahar IIB hamda Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga alohida topshiriqlar berilgan.
3. Bundan tashqari, Chiroqchi tumani IIB navbatchilik qismining
2018 yil 03 iyul kuni soat 10:30 larda bergan xabariga ko‘ra, tumandagi G‘allachi qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi “Eski Anhor” kanalidan ayol jinsiga mansub ikki oyoqlari mavjud bo‘lmagan shaxsi noma’lum murda topilgan.
Hodisa joyi viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari rahbarligida tezkor xodimlar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan hamda shaxsi noma’lum murdaning shaxsini aniqlash maqsadida sud tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan.
Hozirda topilgan murdaning shaxsi yuzasidan dastlabki tekshiruvlar natijasida taxminlar mavjud bo‘lib, shuningdek, tana va oyoqlarni bir shaxsga tegishli ekanligini aniqlash yuzasidan X.Sulaymonova nomidagi Respublika ekspertiza Markaziga DNK ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda ekspertiza tadqiqotlari olib borilmoqda.
Ushbu holatlar yuzasidan hozirda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ozodlik hodisa tafsilotini o‘rganishda davom etadi.