Mirziyoev tavalludi: TVda "Janob prezident"¸ tarmoqda "Podshohi olam"
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 iyul kuni 61 yoshga to‘lgani munosabati bilan Prezident Devoni matbuot va tele-radio muharrirlariga efirlarda maqtovli dasturlar berilmaslikka buyurgan.
MTRK muharrirlaridan biriga ko‘ra¸ 24 iyul kuni O‘zbekiston 24 kanalida prezident Mirziyoev bilan jonli intervyudan boshqa ayni mavzuda boshqa dastur bermaslik haqida og‘zaki buyruq bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida esa prezidentga qatalgan maqtovli bitiklar urchidi.
Taniqli shoir Murod Rahmon o‘zining Facebook dagi sahifasida prezident Mirziyoevni "Quyoshdek buyuk yurt podshohi" deya alqadi.
“Ajab sirlar”¸ “Nilufar”¸ “Sadoqat” kabi mashxur qo‘shiqlar muallifi bo‘lgan 71 yashar shoir Ozodlik bilan suhbatda "Yurt otasi qilgan hizmatlari e’tirofi sifatida" bu she’r yozilganini aytdi:
- Odatda men sevgi haqida yozaman. Lekin Shavkat Miromonovich olib borayotgan ezgu ishlarni ko‘rib turib e’tirof qilishni o‘zimga farz deb bildim. Birinchi she’rni o‘tkan yili muxtaram prezidentimiz 60 yoshga kirganida yozdim. O‘tkan yili Andijonning Shayttepa mahallasida 100 yoshga kirgan Bilol bobo mendan iltimos qilib, podshohimiz haqida maqtov yozishga undadi. Otaxonning rahmatini qog‘ozga tushirgandim. Shuni muhrataram Ozodlik muxlislariga o‘qib bersam¸ - deya shoir o‘z she’rini ifodali o‘qib berdi.
She’rda shu paytgacha olam "Bunday dono podshoh ko‘rmagani"¸ uning bosgan izi "jannatga aylangani" va Mirziyoev dahosiga Yevropa ham lol qolgani vasf qilinadi:
Yevropa ham lol bo‘ldi, hayron-jim
Bu ishlar olam, shohlarga o‘rnak.
Turli o‘lponu, yulish alvido, ohim
Mansabdor ham otdan tushdi, egik.
Yurakka quyosh ham tushdi-ku bugun
Bunday shoh dunyoga keladi bir bor,
Eliga, Vatanga mangu fidokor!
Bunday podshoh faqat bizning yurtda bor,
Xalqni baxtli qilib, yashar baxtiyor!
Shoir o‘z madhida prezidentni quyosh bilan tenglashtiradi va bu nurdan "ruhiy xastalar ham" bahramand bo‘lganiga e’tibor qaratadi:
Uysiz uyli bo‘ldi, yersiz yer oldi,
Ishsiz ishga kirdi, g‘amlar yo‘qoldi.
Ruhiy xastalar ham nazarda bo‘ldi,
O‘qish, ish amallar foydaga to‘ldi.
Bu madhiyaning "a’lo qabul qilinganidan" ruhlanganini aytgan Murod Rahim prezidentning 61 yoshi uchun maxsus g‘azal yozganini ilkis mamnuniyat bilan izhor qildi:
- Men shunday ulug‘ odamga maqtov yoza olganimdan o‘ta xursandman¸ - deydi shoir.
U o‘z madhiyasida demokratik davlatning saylab qo‘yilgan prezidentini "podshoh" deya ataydi:
Ey, buyuk yurt podshohi, ey dono padar,
Sizga mangu hurmatu e’zoz yarashar.
Siz yoshlik chog‘ingizdan bugunga qadar
Eng shirin hayot uchun kurashgan rahbar.
Mamlakatni yashnatgan, gullatgan sarvar!
Ikki prezidentga bir madhiya
Shoir Murod Rahmon O‘zbekistonniing birinchi prezidenti Islom Karimovning 80 yilligiga bag‘ishlab qasida yozgan edi.
Mirziyoevga atalgan qasida bilan Karimovga atalgan madhiyaning deyarli bir xil ekanligi kuzatiladi.
Tarmoq maqtovga toqatsiz bo‘ldi
Murod Rahmon o‘z she’rini joylashtirgan Facebookdagi sahifaning aksariyat yuzerlari maddohlikni qoralab chiqqan.
“Madhiyani ham qiyvoripti oma lekin! Oltmish yoshdan keyin guli qoladimi odamni?! Bu yoshda bog‘imizga xazon oralaydi-ku!” - deb ëzdi Zarif Sulton.
“Prezident kerakmas degani sayin maddohligimiz oshib borayapti. Misoli shaxsga sig‘inish bo‘pti. Shavkat Miromonovichga ham bu shig‘ir yoqmasligi tayin,” deb yozadi Facebook yuzeri Xudoyberdi Nazarov.
"Pathalimlik ham evi bilan bo‘lsin, vopshe yalab so‘rib tashabdiyuyuyu boyaqishsh," deya yozg‘iradi Isoil Abdulloh.
Ilk qadamda to‘xtatilgan maqtov marafoni
Murod Rahmon O‘zbekiston prezidentini "podshoh" deb aytgan ilk ijodkor emas.
2017 yilda o‘zbek kino artisti va qo‘shiqchisi Dilfuza Ismoilova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevni ulug‘lab qo‘shiq kuylagan edi.
Shoir Tohir Muhammad tarafidan yozilgan matnga bastakor Rustam To‘lashov kuy bastalagan "Shu go‘zal yurt sultoni omon bo‘lsin" qo‘shig‘ini kuylagan Dilfuza Ismoilova Ozodlik bilan suhbatda "ushbu qo‘shiq qalb amri¸ vijdon buyrug‘i bilan" Mirziyoev prezidentlikka saylangan 2016 yilning dekabrida yaratilganligi aytgandi.
Ammo bu qo‘shiq haqidagi intervyudan bir kun o‘tib Ismoilovaga O‘zbekiston madaniyat vazirligi tarafidan chora ko‘rilgan va "Shu go‘zal yurt sultoni omon bo‘lsin" qo‘shig‘i "laganbardorlik namunasi" deya taqiqlangan edi.