O‘zbek reperlari Mirziyoevni maqtab kuyladi. "O‘zbekkonsert" mulozimi buni "laganbardorlik erkinligi" deb atadi (VIDEO)
Shu kunlarda Istanbuldagi tungi klublarda ishlayotganini aytgan 29 yashar toshkentlik repchi Shuhrat Xalilov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevni ulug‘laydigan havaskor klipni Youtube portaliga qo‘ydi.
O‘zbekistonlik reper Shaxriyor esa Toshkentda o‘rnatilgan eng katta mamlakat bayrog‘i ostida Mirziyoev rasmi tushirilgan maykani kiyib¸ “o‘zi mansub bo‘lgan avlod Mirziyoevni qo‘llashini rep tarzida izhor qildi.
"O‘zbekkonsert" mulozimi Ozodlik bilan suhbatda “maxsus komissiya iznisiz davlat ramzlarini qo‘llab¸ prezident haqida qo‘shiq kuylash”ga ruxsat yo‘qligini ta’kidladi.
Prezident haqida rep kuylash orzusida bo‘lan Shuhrat Xalilov bu ideyasi bilan "O‘zbekkonsert"ga borgani, ammo rad javobi olganini aytadi:
- "O‘zbekkonsert"agilar mening prezident Mirziyoevni maqtash borasidagi ishtiyoqimni to‘g‘ri tushunishmadi. Salbiy fikr bildirib¸ darov rad qilishdi. O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalariga shu ideya haqida yozsam¸ meni bloklab qora ro‘yxatga tiqib qo‘yishdi. Axir prezidentni maqtash mening konstitutsion huquqimku¸ yaxshi odamning qilgan ishlarini madh qilsam nimasi yomon? Shu bois men hech kimdan so‘ramasdan, jonajon prezidentimizni maqtab rep to‘qidim¸ deydi reper.
“Makroiqtisodiyot¸ investitsiya ” kabi so‘zlar yig‘indisidan tarkib topgan rep qo‘shiqni Xalilov Ozodlik mikrofoniga aytdi:
Og‘ir judolikdan so‘ng
Gangib qolgandik mudom
Topildi bu yurtning egasi
Xudodan i’nom
Ustoziga sodiq chinakam voris
UzLiDep yetakchisi saylovda g‘olib
Shubhasiz virtual qabulxona
Selektr va isloxot
Inson manfaatlari
Hamda xalq bilan muloqot
Erkin iqtisodiy zona¸
investitsiya xorijiy
Beshta ustivor yo‘nalish
mahalliy mintaqaviy...
(qo‘shiq matni shunday so‘zlar bilan ancha davom etadi)
Bu qo‘shiqni ijrochining izni bilan “O‘zbekkonsert” tashkilotining Toshkent shahar bo‘limidagi mulozimiga eshittirib berdik.
Mulozim bu qo‘shiqning “o‘ta saviyasiz” ekanligi va suratga olingan klip “juda ibtidoiy va havaskorlikdan ham past darajada montaj qilinganligini” aytdi.
Mulozim bu klipni “hatto komissiya ko‘rigidan o‘tkazmay korzinkaga tashavorsa bo‘ladigan" sayoz narsa deb atadi.
“O‘zbekkonsert” mulozimi Ozodlik bilan suhbatda suhbatda qo‘shiqchi Dilfuza Ismoilovaning 2017 yili klip qilgan "Ollohning yerdagi soyasi - Sultonim omon bo‘lsin" degan qo‘shig‘i rahbariyat tarafidan o‘ta salbiy qabul qilinganligi boshqa qo‘shqichilarga dars bo‘lishi keraklini aytadi:
- Bular erkinlik degan narsani faqat laganbardorlik erkinligi deb tushunib olmoqda. Estetik saviya¸ adabiyot¸ she’riyat qoidalariga rioya qilish kerak. Bu senzura emas balki yuksak san’at taqazo qiladigan talablardir¸ deydi o‘zi ismini aytmagan “O‘zbekkonsert” mulozimi.
Mirziyoevga rep qo‘shiq to‘qigan Shuhrat Xalilov ifoda erkinligi nuqtai nazaridan kelib chiqib hukumatdan izn olmasdan Mirziyoevvni maqtaganini aytadi:
-“O‘zbekkonsert”ning Dilfuza Ismoilova borasidagi tanqidiga 100 foiz qo‘shilaman. Haqiqatdan ham laganbardorlik miqdori ko‘payib ketgan. Mirziyoevni jiddiy maqtash lozim. Men bunga o‘z qo‘shig‘imda muvaffaq bo‘ldim. Mening hukumatdan va Mirziyoevdan ta’mam yo‘q. Falonchi she’r aytib prezidentdan “Spark” mashina olibdi¸ deyishadi. Meni bunday ta’mam yo‘q¸ lekin taqdirlashsa mamnun bo‘lardim. Maqsadim yurtboshimga yelkadosh bo‘lish¸ deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston telekanallarida rahbar lavozimda ishlaydigan jurnalistga ko‘ra¸ ochiqchasiga prezidentni maqtaydigan va laganbardorlik qilingan lavhalarni efirga uzatmaslik bo‘yicha topshiriq bor.
"Masalan¸ o‘tgan oy shoir Murod Rahmon Mirziyoevga maqtov g‘azali yozib kelganida MTRK kanalida muharriri uni orqasiga qaytarib yuborgan edi"¸ deydi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.
Karimov davrida chegaralangan maddohlik
O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi a’zosi¸ musiqashunos Ravshanbek Matjonovning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ “Karimov davrida madhiya qo‘shiqlar yaratish rag‘batlantirilmagan”:
- Asosiy teleradiokanallarda va katta sahnalar repetuarida ochiqdan-ochiq madhiya qo‘shiqlari bo‘lmagan. O‘z vaqtida prezident matbuot kotibi bo‘lgan Murod Muhammad Do‘st va keyinchalik davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan Xayriddin Sultonov bu ishni deyarli taqiqlab qo‘ygan edi. Albatta, ba’zi havaskorlik chiqishlari bo‘lgan¸ lekin ular ostona hatlamagan. Masalan, Yulduz Usmonovaning Karimovga atalgan “Samarqand” degan qo‘shig‘i bir marta restoranda aytilgan¸ xolos. Keyin adminstrator buning uchun hayfsan olgan edi ¸ deydi suhbatdosh.
Unga ko‘ra¸ Karimov davrida nafaqat prezident¸ balki boshqa mulozimlarni maqtab qo‘shiq aytishga ham norasmiy taqiq bo‘lgan:
- Zeromaks rahbari Mirodilboyga bag‘ishlab qo‘shiq aytgan ashulachi Orolmirzo Safarov ko‘zi ojiz bo‘lgani bois qattiq jazolanmadi. Lekin taniqli qo‘shiqchilar litsenziyasi olib qo‘yilishdan qo‘rqib, maqtov janridan chetda yurgan, deya eslaydi musiqashunos.