Ruhoniy AQShning Eronga qarshi sanksiyalarini yengishga va’da berdi
![Ruhoniy AQShning Eronga qarshi sanksiyalarini yengishga va’da berdi](https://gdb.rferl.org/81141D2E-C172-4E8E-8C6E-3B42A7968D6F_w800_h450.jpg)
Prezident Hasan Ruhoniy mamlakat parlamenti a’zolariga Eron AQShning yangitdan joriy qilingan sanksiyalarini yengib o‘tishini aytdi. Uning aytishicha, Tehron “Oq Uydagi Eronni ko‘ra olmaydigan rasmiylarga” maqsadiga eta olmasligini ko‘rsatib qo‘yadi.
Ruhoniy 28 avgust kuni chuqurlashib borayotgan iqtisoy bo‘hron, narx-navo va ishsizlik oshib borayotgan sharoitda hukumat iqtisodiyotni qanday boshqarayotgani haqidagi savollarga javob berish uchun mamlakat parlamentiga chaqirildi.
Prezident javoblari parlament a’zolarini qoniqtirmadi va ular ishni ko‘rib chiqish uchun adliya organlariga topshiradigan bo‘ldi.
‒ Iqtisodiy muammolar juda og‘ir, ammo ko‘pchilik Islom respublikasi kelajagiga ishonmayotgani, uning kuchiga shubha bilan qarayotgani undan ham jiddiyroqdir, ‒ dedi Ruhoniy ma’ruzasida.
Tadbir televidenie orqali jonli namoyish etildi.
‒ Biz Amerika yoki iqtisodiy muammolardan qo‘rqmaymiz, ‒ dedi u yana. ‒ Muammolarni albatta yengamiz. Eron xalqini ishontirib aytamanki, biz AQShning Islom jumhuriyatiga qarshi fitnasi amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Parlament a’zolari prezidentni hukumatning ishsizlik, iqtisodiy o‘sish sustligi, milliy pul birligi – riyolning tez qadrsizlanib ketayotganiga oid muammolarini hal eta olmayotgani, yana chegara osha kontrabanda amaliyotlariga barham berilmayotgani borasida savolga tutdi.
Ruhoniyga ko‘ra, qudratli Islom inqilobi soqchilar korpusi (IISK) kontrabandaga qarshi kurash uchun yordamga chaqirilgan.
Parlament deputatlari joriy sharoitda nima uchun moliyaviy islohot o‘tkazilmayotgani bilan ham qiziqdi. Ular 2015 yili dunyoning etakchi mamlakatlari bilan yadro dasturi bo‘yicha bitim imzolangandan so‘ng oradan ikki yil o‘tib ham Eron banklari nima uchun global moliyaviy xizmatlardan kam foydalanayotgani sababini so‘radi.
Parlament a’zolari faqat Ruhoniyning banklar faoliyati haqidagi savolga javobini qoniqarli deb topdi. Qolgan masalalarni hal etishni adliya tizimi hukmiga topshirishga qaror qildi.
Eron parlamenti prezidentga impichment e’lon qilishi mumkin. Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xameneyi Ruhoniyga prezidentlik muddati oxiriga qadar lavozimida qolishga ruxsat berilishi kerakligini aytdi.
Parlament ilk marta prezidentni so‘roqqa tutdi
Mo‘’tadil siyosatchi sifatida qaraladigan Ruhoniy 2013 yili prezident etib saylanganidan beri ilk marta parlamentga chaqirildi. Bu uning iqtisodiy islohotiga qarshi qattiqqo‘l siyosat tarafdorlari g‘alabasidir.
Qonun chiqaruvchilar uning aprel oyidan beri 50 foizdan ko‘p qadrsizlangan riyolning qadrini tiklash va ortib borayotgan ishsizlik muammosini hal qilish borasidagi rejalari bilan qiziqdi.
Prezident parlamentga kelishidan oldin Mas’ud Karbasyan Iqtisodiyot vaziri lavozimidan chetlatildi. U so‘nggi haftalarda Ruhoniyning iqtisodchilar komandasidan chetlatilgan to‘rtinchi amaldordir.
Joriy oy boshida uning Mehnat vaziriga qonun chiqaruvchilar ishonchsizlik bildirgan, iyul oyida esa Markaziy bank raisi bilan o‘rinbosarining pattasi qo‘liga tutqazilgan edi.
Deputatlar AQShning joriy yilda 2015 yilgi yadro dasturi bitimidan chiqishi va sanksiyalarni qayta joriy qilishida Ruhoniy va uning komandasini ayblamoqda.
Ruhoniyning qattiqqo‘l siyosat tarafdori bo‘lgan tanqidchilari Tehron hukumatining yadro dasturi bo‘yicha bitim va G‘arb bilan yaqinlashishiga qarshi bo‘lib kelgan. Ularning ko‘pchiligi endi undan iste’fo berishni talab qilmoqda.
Mo‘’tadil konservatorlar, jumladan, parlamentning qudratli spikeri Ali Larijoniyning hali ham Ruhoniyni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.