$200 millionlik Dreamliner ikki yilga qolmay ishdan chiqdi
24 dekabr kuni Moskva-Toshkent reysi bilan uchgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” (yangi rasmiy nomi Uzbekistan Airways) milliy aviakompaniyasiga qarashli Boeing 787-8 Dreamliner Toshkentga qo‘nar-qo‘nmas¸ ishdan chiqdi.
Bu ma’lumotni ochiqlash vakolatiga ega bo‘lmagani bois shaxsi sir tutilishini so‘ragan aviakompaniya mutaxassisining Ozodlikka aytishicha¸ ishga tushirilganiga ikki yil ham to‘lmagan “Orzu layneri” (Dreamlinerning o‘zbekcha tarjimasi - tahr.) motori butunlay ishdan chiqqan.
“Registratsiya raqami UK-78702 bo‘lgan Dreamliner 24 dekabr kuni Moskvadan 1¸5 soat kechikib uchdi. Samolyot bazo‘r Toshkentga qo‘nishi bilan¸ motorni ochishdi. Ichidan qirindi chiqdi¸ turbina kuraklarining qayrilgani ma’lum bo‘ldi. Baxtimizga¸ samolyot eson-omon Toshkentga yetib keldi.
U texnik nosozlik borligini muhandislar oldindan bilgani va bu haqda kompaniya rahbariyati ogohlantirilganini aytdi.
"Dvigatel havoda ishdan chiqsa nima bo‘lardi? Injenerlar uchqichda ortiqcha vibratsiya borligini oldindan bilgan¸ rahbariyatga ham bildirishgan. Uni darhol reysdan chiqarib¸ texnik ko‘rikka olish o‘rniga¸ uchirishdi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan aviatsiya mutaxassisi.
Ozodlik “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining tijorat departamenti¸ unga texnik xizmat ko‘rsatuvchi “Uzbekistan Airways Technics” AKdan Dreamliner-ning texnik va tijoriy vaziyatiga oid biror ma’lumot ololmadi.
Bu savolga o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib javob berishini bildirgan kompaniya mulozimlaridan kun davomida darak bo‘lmadi.
Ayni paytda bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tekshirish jarayonida Ozodlik qayd raqami UK-78702 bo‘lgan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga qarashli Dreamliner 24 dekabrdan beri uchmayotganini tasdiqlovchi dalillarga duch keldi.
Dunyo bo‘ylab parvozlarni kuzatib boruvchi nufuzli Flightradar24 saytidan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga qarashli to‘rt Dreamlinerdan ikkitasining tinimsiz uchayotgani¸ UK-78702 Dreamlinerdan boshqa yana bittasining (registratsiya raqami UK-001) kami bir haftadan beri havoga ko‘tarilmaganini ko‘rish mumkin.
“Orzu layneri” orzusi nega uzoqqa cho‘zilmadi?
Bu savolga javob bergan O‘zbekiston aviatsiyasi mutaxassisi¸ Dreamliner ishdan chiqqani uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari” rahbariyati¸ xususan¸ tijorat departamentini aybladi.
“Dreamliner bir uchishda 13 ming kilometrgacha uchadigan dvigateli kuchli samolyot. Uning tijoriy qimmati ham uzoqqa uchishi va yonilg‘i tejashida. Dunyoning aksar aviakompaniyalari Dreamlinerni aynan 10 ming kilometrdan uzoq reyslarga qo‘yish uchun sotib oladi. “Havo yo‘llari” Dreamlinerlarni Moskva¸ Istanbul¸ Dubay va Pekin kabi 5000 kilometrga ham yetmaydigan masofaga uchirib¸ allaqachon uning motorini ishdan chiqardi. Uchishi kerak bo‘lgan masofaning yarmiga ham uchmasa¸ dvigatel ikki baravar tez ishdan chiqadi”¸ dedi bu suhbatdosh.
Fuqaro aviatsiyasi – poyga maydoni emas
Ozodlik suhbatlashgan “O‘zbekiston havo yo‘llari”dagi vaziyatdan xabardor mulozim ta’kidicha¸ milliy aviakompaniya yil oxirigacha 3 million passajir tashigani haqida prezidentga hisob berish maqsadida "Orzu laynerlari"ni maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarzda ekspluatatsiya qilgan.
“Tijorat bo‘limi rekord darajadagi 3 million yo‘lovchi tashidim¸ degan gapni aytib¸ prezidentdan maqtov olish uchun aviatashuvlarni o‘ziga xos poygaga aylantirib yubordi. Aviatsiyada xavfsizlik birinchi¸ ana undan keyin kommersiya keladi. Aviatsiya - bu poyga maydoni emas. Uning bosh maqsadi odamlarni bir manzildan ikkinchisiga eson-omon tashishdir”¸ dedi mulozim.
"Senator Tyan javob bersin!"
Ozodlik suhbatlashgan transport sohasi mutaxassislari¸ Dreamliner muammosi uchun asosiy javobgarlik “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Karimov davridagi bosh direktori Valeriy Tyan (2017 yil 24 avgust kuni bu lavozimdan chetlatilgan - tahr.) zimmasida ekanini ta’kidladilar.
Ozodlik ayni kunda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator bo‘lgan Valeriy Tyandan izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi.
Senatorning rasmiy saytida keltirilgan elektron pochta manziliga jo‘natilgan savollarga javob kelmadi.
Ishdan chiqqan motorni kim¸ qanchaga tuzatadi?
O‘zbekiston aviatsiyasining Ozodlik suhbatlashgan mutaxassis va mulozimi¸ “Uzbekistan Airways Technics” AK mutaxassislari Dreamliner motorini ta’mirlay olmasligi¸ faqat uni yangisiga almashtirishi mumkinligini bildirdi.
“Dreamliner motorini General Electrics (GE) sotadi va uning narxi 5 million dollar atrofida. Dreamliner dvigateliga kafolat beradi¸ ammo uning shartlari bor. Masalan¸ garantiya shartlariga muvofiq¸ bir tomonga uchish sikli o‘rtacha 6 soatdan kam bo‘lmasligi kerak. Buning boshqa detallari ham ko‘p va ularning bajarilgan-bajarilmaganiga qarab¸ straxovka shartlari ham o‘zgaradi. “Havo yo‘llari” olgan Dreamlinerning bir tomonga uchish sikli 4¸5 soatdan oshmaydi. Natijasi¸ motori ishdan chiqib angarda yotgan Dreamliner. Bunaqa vaziyatda yangi dvigatel pulini GE yoki straxovka qoplashiga ko‘zim yetmaydi. Bu qimmat xatoning pulini yana davlat¸ demakki xalq to‘laydi”¸ dedi o‘zbekistonlik aviatsiya mutaxassisi.
Ozodlik ishdan chiqqan motorni qaysi tomon¸ qaerda¸ qanday tuzatishi yoki yangilashiga oid savolga ham 26 dekabr kuni “O‘zbekiston havo yo‘lllari”ning tegishli departamentlaridan javob ola olmadi.
AQShning Boeing kompaniyasi ishlab chiqarayotgan tijoriy uchoqlarning yangi avlodi sanalgan Dreamliner uzoq masofaga to‘xtovsiz va xavfsiz uchish uchun maxsus yaratilgan.
2018 yilgi tijoriy qimmati 239 million AQSh dollariga teng deb baholangan bu rusumdagi birinchi Dreamliner O‘zbekistonga 2016 yil sentabrida¸ ikkinchisi esa¸ 2016 yil dekabrida yetkazilgan.
Karimov davrida Boeing bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq buyurtma berilgan to‘rt Dreamlinerning uchinchisi prezident Shavkat Mirziyoevning 15-16 may kunlari AQShga qilgan safari yakunida 2018 yil 18 may kuni Toshkentga qo‘ngan edi.