Manbalar DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev 11 fevralda ushlanganini xabar qildi
DXX sobiq rahbari 53 yashar Ixtiyor Abdullaevga nisbatan 11 fevralda "qamoq" vaqtincha ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bu haqda Ozodlikka DXX sobiq rahbari qo‘l ostida ishlagan mulozim bildirdi. Uning yana iddao qilishicha, Ixtiyor Abdullaevga nisbatan qo‘llanilgan "qamoq" ehtiyot chorasi bir oydir.
Ixtiyor Abdullaevga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni qaysi sud qachon chiqarganini mulozim ochiqlamadi.
DXXning joriy rahbariyati tarkibida ishlayotgan va sobiq raisning qo‘l ostida ishlagan manbalarga ko‘ra, Ixtiyor Abdullaev DXX yerto‘lasida joylashgan tergov izolyatorida saqlanmoqda.
Bundan oldingi xabarlari keyinchalik tasdiqlangan bir necha manbaning Ixtiyor Abdullaevga oid ushbu so‘nggi ma’lumotlarining rasmiy tasdig‘i yoki inkori hozircha Ozodlikda yo‘q.
DXX raisi sifatida bir yil ishlagan Ixtiyor Abdullaev 8 fevral kuni salomatligi bois egallab turgan lavozimidan ozod qilingani xabar qilingan.
Ozodlik 11 fevral kuni O‘zbekiston hukumatidagi manbalariga tayanib, Ixtiyor Abdullaev jinoyat ishi figuranti bo‘lgani haqida yozgan edi.
Qarindoshlar ko‘rsatmasi
DXX sobiq rahbari qo‘lida ishlagan zobit iddaosiga ko‘ra¸ Ixtiyor Abdullaevga qarshi uning bojasi, shu kunda IIB tergov izolyatorida saqlanib, tergov qilinayotgan DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Eshonxo‘jaev ko‘rsatma bermoqda.
DXXning joriy rahbariyatiga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha, Alisher Eshonxo‘jaev 11 fevral kuni qamoqqa olingan.
Ozodlikka gapirgan mulozimning iddaosiga ko‘ra¸ DXX sobiq raisi va uning bojasining ushlanishiga joriy yilning 11 yanvarida hibsga olingan DXX raisining 46 yoshli sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamovning ko‘rsatmalari asos bo‘lgan.
DXX sobiq rahbari qo‘lida ishlagan zobitning iddaosiga ko‘ra¸ Ixtiyor Abdullaev so‘nggi 6 oy ichida muntazam kuzatuvda bo‘lgan va bu kuzatuvning bir qismini uning haydovchisi amalga oshirgan. (Ozodlikka haydovchining ism-familiyasi ma’lum)
Abdullaevning «qamoqqa olingani» to‘g‘risida O‘zbekistondagi mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich ham o‘z manbalariga tayanib, 12 fevral kuni yozib chiqqan edi.
Ayni paytda O‘zbekiston prezidentining Internetdagi rasmiy sahifasida Ixtiyor Abdullaev sog‘ligi yomonlashgani, bir yildan buyon bo‘yin va umurtqa pog‘onasida ikki marta og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani ortidan lavozimidan ozod qilingani haqidagi bildiruv turibdi.
Ozodlik suhbatlashgan va ismi efirda aytilishini istamagan mulozimga ko‘ra¸ “DXX raisi sifatida bir yil ishlagan Ixtiyor Abdullaev uning ko‘plab qarindoshlari va ayni tashkilotning o‘nlab xodimlari ustidan jinoyat ishi ochilib qamoqqa olingani ortidan ishdan bo‘shatilgan”.
Mulozimning yana aytishicha¸ Ixtiyor Abdullaev hozircha "iqtisodiy jinoyatlarni sodir qilganlikda" gumonlanmoqda.
Ozodlik suhbatlashgan bir-biridan mustaqil ikki nafar mulozimning bildirishicha¸ Ixtiyor Abdullaevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”), 210-modda (“Pora olish”) va 211-modda (“Pora berish”) bo‘yicha joriy yilning 8 fevralida jinoyat ishi ochilgan.
Suhbatdoshlar iddaosiga ko‘ra¸ "jinoyat ishi respublika harbiy prokuraturasi tarafidan ochilgan".
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu borada "hech qanday ma’lumotga ega emasligini" 11 fevral kuni ma’lum qilgan edi.
Jilov tortildi?
Joriy yilning 10 yanvarida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoev kuch ishlatar tizimlar rahbarlarini “arqonni uzun tashlab qo‘ygani”dan ogohlantirgan, yaqin kunlarda “jilovni tortishini” aytgan edi.
Ozodlik bilan yozishgan mulozim iddaosiga ko‘ra, 10 yanvardan to 11 fevralga qadar O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining yuzga yaqin xodimi ustidan jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llangan.
Mulozimlarning rasman tasdiqlanmagan iddaosiga ko‘ra, DXX tarafidan Mirziyoev oila a’zolarining telefon so‘zlashmalari tinglangani va nazorat ostiga olingani bois Ixtiyor Abdullaev prezident uchun “istalmagan shaxsga” aylangan.
Ozodlik tasarrufida bu ma’lumotning ham rasmiy tasdig‘i yoki inkori hozircha yo‘q.
Qal’a ichdan olindimi?
Ozodlik suhbatlashgan amaldorlar iddaosiga ko‘ra, prezident Mirziyoev DXX ichidagi vaziyatni o‘z nazoratiga olish uchun joriy yil boshidan ilk qadamlarni qo‘ygan.
Prezident Shavkat Mirziyoev o‘z qudasi Botir Tursunovni 2 fevral kuni Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlagani ham shu kontekstda ko‘riladi.
Amaldorga ko‘ra¸ qamoqqa olingan DXX xodimlari O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”), 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”), 210-modda (“Pora olish”) va 211-modda (“Pora berish”) ko‘zda tutgan jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
Ozodlikning ayni masalada yuzasidan bergan savollariga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 13 fevral kuni "Bu borada rasmiy ma’lumot yo‘q", deya javob berdi.