Prezident Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi AOKA direktoriga o‘rinbosar etib tayinlandi
![Prezident Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi AOKA direktoriga o‘rinbosar etib tayinlandi](https://gdb.rferl.org/2152F70B-E220-4A95-9E8D-05A447969E89_cx0_cy23_cw0_w800_h450.jpg)
Prezident Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktoriga o‘rinbosari etib tayinlandi.
Bu haqda 12 aprel kuni agentlikda Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida o‘tkazilgan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi chog‘ida e’lon qilindi.
Saida Mirziyoeva bundan bir oy muqaddam ushbu lavozimga tayinlangan Nargiza Rahimovaning o‘rnini egalladi.
35 yashar Nargiza Rahimova Ozodlikning Feysbuk sahifasida qoldirgan qo‘shxotinlikka qarshi qilgan ehtiyotsiz sharhi ortidan virtual sazoyi qilingan va keyinchalik xavfsizlik sabablariga ko‘ra majburiy ta’tilga chiqarilgan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, vazirlik va mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirok etgan.
Ozodlik bilan suhbatlashgan agentlik xodimi yig‘ilishda, shuningdek, hukumat va Oliy Majlis palatalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, axborot xavfsizligini ta’minlashga oid tizimli ishlarni tashkil qilish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda axborot xizmatlarining nufuzini oshirish, Agentlik tizimiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, matbaa va noshirlik, kutubxonachilik sohasini zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinganini bildirdi.
“Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish masalalari alohida qayd etildi”, - deya bildirdi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Shavkat Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi agentlikda O‘zbekistonning chet ellarda ijobiy imijini shakllantirishga mas’ul bo‘ladi.
U, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
AOKA axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
U 2 fevralda prezident farmoni bilan ta’sis etilgan edi.