O‘zbekistonda 2020 - yilda inflyatsiya 11,1 foizni tashkil etdi
Gazeta.uz nashrining Davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga tayanib xabar berishicha, O‘zbekistonda 2020 - yilda inflyatsiya 11,1 % ni tashkil etgan.
Mamlakatda 12 oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 15,3 % ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 8,8 % ga, xizmatlar esa 7,1 % ga qimmatlashgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida narxlarning sezilarli o‘sishi tuxum, sariyog‘ va yog‘lar, go‘sht hamda non mahsulotlari narxlarida qayd etilgan (15,2 %).
Hisobotga ko‘ra, dekabr oyida iste’mol narxlari va tariflarining o‘rtacha darajasi 1,6 % ga o‘sgan.
Xususan, dekabr oyida umumiy ovqatlanish sohasida narxlar o‘rtacha 1,4 % ga, alkogolli ichimliklar – 1,1 % ga, alkogolsiz ichimliklar esa 0,4 % ga o‘sgan.
2019 - yil oxiriga taqqoslaganda narxlarning sezilarli darajada o‘sishi tuxum (37,6%), sariyog‘ va yog‘lar (27%), go‘sht, parranda go‘shti va baliq (18,1%), shuningdek, non mahsulotlari (15,2%) narxlarida qayd etilgan.
2020 - yil boshidan beri boshqa mahsulotlarga taqqoslaganda grechixa (1,5 barobardan ko‘pga) va loviya (36,2 % ga) narxi eng ko‘p ko‘tarilgan.
Non mahsulotlari narxlarida aprel (4,3%), go‘sht, parranda go‘shti va baliq mahsulotlari narxlarida esa sentabr oyida (3,8%) eng katta o‘sish qayd etilgan.
2020 - yilning dekabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari orasida zargarlik buyumlari va avtomobil yoqilg‘ilari narxida eng katta o‘sish qayd etilgan. Xususan, ushbu mahsulotlarning narxlari 2,5 % ga ko‘tarilgan.
2019 - yil dekabr oyiga nisbatan bosma mahsulotlar (14,6%), dori-darmonlar (13,3%), tamaki mahsulotlari (11,6%) va qurilish materiallari (11,2%) narxlari sezilarli darajada oshgan.
Xususan, 2019 - yilga taqqoslaganda 2020 - yilda ko‘proq o‘sish nooziq-ovqat mahsulotlarining asosiy guruhlari orasida qurilish materiallari (11,2% ga nisbatan 7,3% ga), dori-darmonlar (13,3% ga nisbatan 6,9% ga), shuningdek, shaxsiy transport narxlarida (8,8% ga nisbatan 5,2%) qayd etilgan.
2019 - yilda avtomobil yoqilg‘ilari narxi 20,8 % ga o‘sgan bo‘lsa, 2020 - yilda bu ko‘rsatkich 7,5 % ni tashkil qilgan.
Umuman olganda, yanvar-dekabr oylarida tariflar narxining eng ko‘p o‘sishi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (15,2%), maishiy xizmatlar (13,6%), tibbiyot xizmatlari (12,2%) hamda yo‘lovchilar transporti narxlarida (11,5%) kuzatilgan.
Ayni paytda, 2021 - yil 1 - fevraldan boshlab, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi. Tegishli qaror 30 - dekabr kuni prezident tomonidan imzolangan.
O‘zbekistonliklarning aytishlaricha, har safar ish haqlarining oshirilishi oqibatida, iste’mol mollari narxlari ham sezilardi darajada qimmatlaydi.