OzodDayjest: Joni shirin hokimlar, zarqog‘ozga o‘ralgan zahar va 40 foizga yetmagan jamoaviy immunitet
![OzodDayjest: Joni shirin hokimlar, zarqog‘ozga o‘ralgan zahar va 40 foizga yetmagan jamoaviy immunitet](https://gdb.rferl.org/11d05937-ba82-42cf-8064-4deab8b02453_w800_h450.jpg)
Viloyat rahbarlari poytaxtda davolanayotgani e’tiroz uyg‘otdi. Yangi giyohvandlik moddasi maktablarda ham tarqalmoqda. O‘zbekistonning necha foiz aholisida koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllangani ochiqlandi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
__________________________________________________________
Ekspert: “Hokimlarning joni shirin-u, oddiy xalqniki achchiqmi?”
O‘zbekistonda viloyat hokimlari davolanish uchun poytaxtga kelayotgani ijtimoiy tarmoqda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ko‘p sonli foydalanuvchilar hamda blogerlar hududlardagi tibbiy tizim qoloqlashib ketganidan taassuf bildirgan.
“Koronavirus epidemiyasi davrida biz bildikki, O‘zbekiston meditsinasi ikkiga bo‘linib qolgan. Bir meditsina bor, u odatda davolamaydi – qora xalq uchun va yana bir boshqa a’lo meditsina borki, u rahbariyat va nomenklatura uchun. Bunday meditsina hukumat poliklinikalari va hukumat kasalxonalari deb nomlanadi”, deb yozdi iqtisodiy tahlilchi va bloger Otabek Bakirov.
Qayd etilishicha, jiddiy kasallikka chalingan soliq to‘lovchilar o‘zi harakat qilmasa, o‘limga mahkum. Soliq to‘lovchilar hisobidan yashaydigan hokim va amaldorlar ixtiyorida esa maxsus izzat, alohida ko‘rik va qarovdan iborat tibbiy muassasalar.
“Hududida meditsina oliygohi, infratuzilmasi mavjud Andijon hokimi o‘zi viloyatida davolansa bo‘lmaydi, chunki Andijonda meditsina yo‘qligini u yaxshi biladi. O‘zi bosh bo‘lib ko‘cha supurtirgan, paxtaga haydagan, uyma-uy yurdirgan. Kimlar o‘qiyotganini, qanday o‘qishga kiritilganini, kimlar o‘qitayotganini, kimlar “davolayotgani”ni juda yaxshi biladi”, deb yozgan u.
Vrach Fazlidddin Mo‘minov Telegramdagi sahifasida bu holatni sharmandalik deb atagan.
“Qashqadaryodan tuman va shahar hokimlari tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish uchun Toshkentga qarab kelayotgan ekan. Nega Qashqadaryoni o‘zida tibbiy tekshiruvlardan o‘tib, davolana qolishmadi ekan-a? Jon shirin deysizmi? Ha unda viloyatdagi millionlab aholining joni achchiqmi? Qaysi ariqda suv tiniqroq bo‘lsa o‘shanga qarab chopgandan ko‘ra, o‘z arig‘ini tiniqlashtirish yo‘lini topishi kerak emasmi mirob deganlari?” deb yozgan shifokor bloger.
2020 - yil yoz mavsumida, pandemiya avjiga chiqqan kunlarda koronavirusga chalingan viloyat rahbarlari o‘z hududida emas, poytaxtda davolangani ham nomaqbul hol deya baholangandi.
O‘zbekistonda yangi giyohvandlik moddasi qonuniy yo‘l bilan sotilmoqda
O‘zbekiston yoshlari orasida upa, shirinlik shaklidagi, yoqimli hid va ta’mga ega nikotinli mahsulotlar (snyus) ommalashib bormoqda (“Rost24”, 18 - yanvar). Toshkent shahri IIBB ma’lumotiga ko‘ra, maktablarda reyd o‘tkazilganda o‘quvchilarning cho‘ntaklarida “UzBAT” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “LYFT”, Hindistonda tayyorlangan “COOL LIP” markali nikotinli snyuslar topilgan.
“Afsuski, hozir tamaki mahsulotining bu yangi ko‘rinishiga qarshi kurashishda qonunchiligimiz ojizlik qiladi. Bu nikotinli mahsulotlarning reklama va aksiyalariga ham aslida cheklovlar bo‘lishi kerak. Lekin do‘konlarda ularni yorqin tarzda, ko‘rinarli erga joylashtirilganiga guvoh bo‘lamiz”, deb yozdi “Rost24” nashri.
Sog‘liq uchun zararli ushbu mahsulotni ijtimoiy tarmoqlarda mashhur shaxslar ham reklama qilmoqda.
Nikotin mahsulotlari tarkibidagi iforli qo‘shimchalar (yalpiz, vanil, shokolad, tropik ta’mlar), zamonaviy dizayn, shuningdek, hid yo‘qligi yoshlarni jalb etmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurovga ko‘ra, nikotinli snyusning xavfini geroin, kokainga qaramlik xavfiga tenglashtirish mumkin, u alkogol va kannabisdan xatarliroq.
Bir dona sigaretada nikotin portsiyasi 1 mg dan oshmaydi, chekish vaqti ham 3-5 daqiqadan ko‘p emas. Snyusni shimish seansi esa 5 daqiqadan 1,5 soatgacha davom etadi. Bitta mahsulotda nikotin miqdori 20 mg gacha yetadi.
Sanitariya xizmati: “O‘zbekistonning taxminan 30-40 foiz aholisida koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllandi”
O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov qancha foiz aholida koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lganini ochiqladi (www.daryo.uz, 20 - yanvar).
“O‘zbekistonda ham jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan. 70-80 foiz emas, 30-40 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Bu kasallik yangi, virus o‘ziga xos, bemorda kasallanishdan so‘ng turg‘un immunitet hosil bo‘lmaydi, antitanachalar 3-4 oy davomida yo‘qolib boradi, shuni inobatga olib, kasallik epidemiologik tarzda yana avj olishi mumkinligidan kelib chiqib ogohlikni susaytirmaslik kerak”, dedi B.Qurbonov.
Sanitariya xizmati mas’uli jamoaviy immunitet qanday shakllanishiga ham to‘xtalib o‘tgan. Qayd etilishicha, bemorlar organizmida antitanachalar mustahkam o‘rnashib yillar davomida saqlanib tursagina jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan sanaladi.
Avvalroq Xitoy vaksinasi sinovida ishtirok etmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ko‘ngillilarning 30 foizida koronavirusga qarshi antitanalar borligi aniqlangandi. Ular koronavirusni o‘zi bilmagan holda, alomatlarsiz o‘tkazgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan vaktsina muayyan darajada yordam bersa-da, 2021 - yilda ommaviy immunitet paydo bo‘lmasligini ta’kidlagan.