OzodTarmoq: Konstitutsiyamizda qabila sardoriga o‘rin yo‘q
8 - dekabr kuni O‘zbekiston mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining navbatdagi, 28 - sanasini nishonlamoqda. Har yili ayni sana arafasida o‘tadigan rasmiy marosim bu yil koronavirus pandemiyasi bois qoldirilgan. Prezident Mirziyoyev "O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi"da o‘tgan yillarda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni himoya qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgartirishlar "keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar"ning asosini tashkil etmoqda.
Prezident mamlakat asosiy qonuniga bundan keyin ham qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligiga ishora qilgan. Tahlilchilar bu o‘zgartirishlarning o‘tmishda, asosan, prezident Karimov hokimiyatini mustahkamlash va uzaytirish maqsadida amalga oshirilganini aytishadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi dunyoda eng ko‘p o‘zgartirilgan konstitutsiyalardan biri hisoblanadi.
Jurnalist Sardor Salimning Telegramdagi FikrLab kanalida yozishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasini isloh qilishga ehtiyoj bor, ammo o‘zgartirishlar o‘tmishda bo‘lgani kabi prezident hokimiyatini mustahkamlash emas, balki aksincha, uning qudratini jilovlashga qaratilishi kerak. Quyida ushbu maqola muallifning roziligi bilan to‘liq va tahrirsiz e’lon qilinmoqda.
OzodTarmoq ruknidagi blog mualliflarining nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.
Konstitutsiyamizda qabila sardoriga o‘rin yo‘q...
Yap-yangi (hozirgi, “yangi O‘zbekiston”dan keyin keladigan) O‘zbekistonda ikkita narsani tubdan qayta ko‘rib chiqish shart: amaldagi Madhiya bilan Konstitutsiyani.
Har qanday Konstitutsiya aslida kimningdir “xavotir, qo‘rquvlarining aksidir.”
Hozirgi, 1992 - yilda qabul qilingan Konstitutsiya birinchi prezident Islom Karimovning xavotir-hadiksirashlarining aksidir. Islom Karimov nimadan xavotirlangan: u O‘zbekistonda Jannat yaratmoqchi bo‘lib, bunda unga halaqit qilishi mumkin bo‘lgan har qanday siyosiy kuchdan xavfsiragan. Natijada prezidentga qarshi borishi mumkin bo‘lgan sud, hukumat (Vazirlar Mahkamasi) va parlament institutlari ataylab zaiflashtirilib, butun hokimiyat shaxsan prezident va uning irodasini ijro etuvchi, Konstitutsiyada hatto tilga olinmagan Prezident Apparatida mujassamlashtirilgan. Prezidentning millat taqdirini bir o‘zi belgilash mutlaq vakolati, bunda unga e’tiroz bildirishi mumkin bo‘lgan kuch bo‘lmasligi Konstitutsiyada belgilangan davlat hokimiyatining tashkil etilishida ham o‘z aksini topgan. Bu holat, 2010 - yillardan boshlangan kosmetik o‘zgarishlar bilan, bugungacha davom etib kelmoqda.
Bugun esa Konstitutsiya O‘zbekistonning asl egasi, davlat hokimiyatining birdan bir manbai bo‘lmish millatning qo‘rquv, xavotirlarini aks etishi payti keldi.
Millat nimadan xavfsirayapti: amaldorlar, jumladan prezidentlar O‘zbekistonda Jannat qurmasin, Jahannamga aylanib ketayotgan O‘zbekistonni isloh qilsin, etar. Shu hadiklardan kelib chiqsak, siyosiy kun tartibining asosiy punkti shaxslar hukmronligidan formal institutlar hukmronligiga o‘tish, alohida shaxslarning norasmiy irodalaridan rasmiy qonun va qoidalar ustunligini ta’minlash bo‘lib turibdi.
O‘zbeklarda bir kichik kamchilik bor: kim o‘zini qabila sardori deb e’lon qilsa, shunga sig‘inib yuboramiz. Qabila sardoring yaxshi bo‘lsa, berdi Xudo, yomon bo‘lsa, urdi Xudo deganlaridek, qabila sardori ma’rifatparvar, islohotparvar bo‘lsa, maylin-u, ammo, lekin…Millatini badavlat qilgan har bir Li Kuan Yuga o‘z qabilasini xor qilgan 99 ta Mugabelar to‘g‘ri keladi.
Mana shuning uchun ham Konstitutsiyamizda yakka o‘zining irodasini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan qabila sardorlariga o‘rin yo‘q bo‘lishi shart. Biz butun millat taqdirini bir inson qo‘ligagina topshirib qo‘ya olmaymiz. Ya’ni, prezident irodasini, vakolatlarini cheklab turuvchi kuchli parlament, hukumat va sud bo‘lishi shart. Hozir, masalan, Konstitutsiyada jinoyat (masalan, xiyonat) qilib qo‘ygan prezidentni lavozimidan olib tashlash protsedurasi (impichment) hatto ko‘zda tutilmagan. Bu boshqa millatlarda (balkim, Shimoliy Koreadan bo‘lak) deyarli uchramaydigan holat.
Demak, amaldagi Konstitutsiyani yangilash kerak. Uni shunday tarzda yangilash kerak-ki, qomus Jannatni qurishga emas, uzil-kesil Jahannamni o‘rnatilmasligiga ko‘maklashsin. Buni faqatgina o‘yin maydonida ham hakamlik qilayotgan, ham asosiy o‘yinchi bo‘lgan prezidentni maydondan chetlashtirish orqali amalga oshirish mumkin.
Shuni nazarda tutib, quyidagi konstitutsion o‘zgartirishlarni kiritish maqsadga muvofiqdir:
- Prezident davlatchilikning barqarorligini, Konstitutsiyaga rioya etilishining kafili bo‘lishda davom etadi. Lekin raqobatdosh siyosiy kurashdagi o‘yinchilardan biri bo‘lmasligi kerak. Buning uchun undan amaldagi Qomusda ko‘zda tutilgan “davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlash” funksiyasini olib qo‘yish kerak. Mana shu funktsiya prezidentga deyarli barcha davlat instituti faoliyatiga aralashish uchun huquqiy asosni bermoqda.
- Hukumat (Vazirlar Mahkamasi) faqatgina parlament tomonidan shakllantirilishi kerak. Bosh vazir nomzodini ham Oliy Majlis prezidentga ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taqdim etishi kerak, hozirgidek, aksi emas.
- Prezidentning sudyalarga ta’sirini cheklash kerak. Hozirda prezident Konstitutsiyaviy, Oliy sudi tarkiblariga va rayosatiga, Sudyalar oliy kengashining raisligiga sudyalar nomzodlarni taqdim etadi va Sudyalar oliy kengashiga ta’siri orqali qolgan barcha sudyalarni tayinlash va lavozimdan chetlashtiradi, bu vakolatlarni undan olib tashlash kerak.
- Prezidentlar ildiz otib ketmasligini, umrbod hukmron bo‘lib qolish maqsadida ma’muriy resursdan foydalanishini oldini olish maqsadida prezidentlikni bir shaxs uchun, masalan, yetti yillik bir muddat bilan cheklash kerak.
- Barcha siloviklarni prezidentga bo‘ysundirish katta xató va katta muammolarga olib keladi. Buni ilk o‘zbek parlamentidagi muxolif deputatlar ham Islom Karimovning yuziga aytishgan.
Bu va boshqa o‘zgartirishlar prezidentlarning mutlaq hukmronligini sud, parlament va hukumatni kuchaytirish orqali tiyib turishga olib kelishi mumkin va bizning azaliy xastaligimizga – yakka hokimga sig‘inib ketishimizga - muayyan davo bo‘lishi mumkin. Konstitutsiyamiz “siyosiy idora ishlarimizni qanday tashkil etsak, zolim yoki noqobil hukmdorlar iloji boricha kamroq zarar yetkazishi mumkin” degan savolga javob berishi shart. Kun tartibimizdagi asosiy masala ham shu.
Albatta, huquqiy nigilizm avjiga chiqqan o‘zbek jamiyatida bir parcha qog‘oz bo‘lmish Konstitutsiyaga amal qilish/qilmaslik (huquqni qo‘llash) muammosi ham dolzarb.
Shuningdek, yana bir muammo, Igor Guberman aytganidek,
Ne v silax nikakaya konstitutsiya
Ustroit otnoshenya i dela,
Chtob razuma i duxa prostitutsiya
Postidnoy i nevigodnoy bila.
Lekin mana shu aql va ruh fohishaligi uyatli ish deb qaralishi uchun yangi axloq kerak. Bular esa boshqa, alohida mavzu.