«Proyekt»: Putin vaqti-vaqti bilan Sochidagi yashirin ofisidan ishlaydi
«Proyekt» nashrining xabar berishicha, Kreml Sochi shahrida prezident Vladimir Putin uchun uning Moskva tashqarisidagi ishxonasi bilan bir xil ofis qurgan. Keyingi oylarda Rossiya prezidenti mazkur ofisga ishlash uchun bir necha marta «yashirincha» borgan.
«Proyekt» internet nashri 8 - dekabr kuni e’lon qilgan hisobotni mustaqil ravishda tasdiqlab bo‘lmadi. Hisobotda yozilishicha, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putinning yashirin ofisi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortgan.
Lekin Daily Storm rus nashri Peskov ushbu hisobotni «bema’nilik» deb ataganini xabar qildi. Kotib Putin «Moskvada ishlayotganini» va ba’zan xizmat safarlariga borishini qo‘shimcha qilgan.
Kreml davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida Putinni izolyatsiya qilish yo‘lida ko‘plab chora ko‘rdi. Ayni damda, rasmiylar Putin o‘z ishini uzluksiz davom ettirayotganini ko‘rsatishga tirishib keladi.
«Proyekt» nashri o‘z hisobotida «davlat rahbarining kun tartibi bilan yaxshi tanish shaxs hamda davlat shirkatining top-menejerini» manba o‘laroq keltirdi, ammo ularning ismini ochiqlamadi. Nashr, shuningdek, Putin mamlakatga kirish va chiqishda foydalanadigan rasmiy samolyot parvozlarini o‘rganib chiqqan hamda Putinning Moskva yaqinida joylashgan Novo-Ogaryovo qo‘rg‘onidagi ofisi fotosuratlarini tahlil qilgan.
Ko‘pgina mamlakatlar singari, Rossiyada ham koronavirusning tarqalishini to‘xtatish uchun cheklovlar joriy qilingan va aholi imkoni boricha masofadan ishlashga chaqirilmoqda.
Aftidan, keyingi oylarda Putin asosan Novo-Ogaryovodagi ofisidan ishladi. U yerda prezident gubernatorlar va hukumat vazirlari bilan videokonferensiyalar o‘tkazdi, televideniye orqali nutq so‘zladi. Shuningdek, u bir guruh shaxslar bilan, jumladan, xavfsizlik bo‘yicha yuqori lavozimli amaldorlar va «Rosneft» davlat kompaniyasi rahbari bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazdi. Bu uchrashuvlar davlat matbuotida keng yoritildi.
«Proyekt» o‘z hisobotida Putin 2 - noyabr kuni bir guruh rus o‘quvchilari bilan o‘tkazgan videokonferensiyani dalil o‘laroq keltirdi. Kreml tomonidan e’lon qilingan fotosuratda Putin konferensiya paytida Moskva viloyatida bo‘lgani e’tirof etildi.
Ammo «Proyekt» hisobotida iddao qilinishicha, ushbu holat bilan yaqindan tanish shaxslar prezident yordamchilari o‘sha kuni Sochida bo‘lganini aytgan. Bundan tashqari, 3 - noyabr kuni Sankt-Peterburgga yo‘l olgan prezident samolyoti Sochidan havoga ko‘tarilgan.
«Proyekt», shuningdek, so‘nggi oylarda Kreml matbuoti uchun ishlaydigan ko‘plab jurnalistning Putin bilan uchrashish imkoniyati ancha cheklanganini xabar qildi.
Rossiya matbuotida bundan oldin ham Kremlning Putin qayerdaligini yashirishga yoki aholini aldashga qaratilgan harakatlari haqida shunga o‘xshash hisobotlar yozilgan edi.
Fevral oyida Putin «TASS» davlat agentligiga bergan intervyusida 2000-yillarning boshlarida, ya’ni ikkinchi chechen urushi davomida xavfsizlik organlarining uni hujumdan himoya qilish maqsadida «egizak» yollash taklifini rad etganini aytgandi.
2015 - yilda Putin bir haftadan ko‘proq vaqt davomida jamoatchilikka ko‘rinmadi, natijada ko‘plab fitna nazariyalari urchidi va rus tilida hazil memlar yaratildi.
O‘zini mustaqil nashr sifatida taqdim etib kelayotgan «Proyekt» agentligi keyingi oylarda bir nechta shov-shuvli hisobotni e’lon qildi. O‘tgan oy sayt Putin Sankt-Peterburgda yashaydigan millioner ayolning 17 yoshli qizining otasi bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.