“Katta yettilik” Rossiya propagandasiga qarshi kurashni muhokama qiladi
Dunyoning eng qudratli yetti mamlakati Rossiya propagandasi va dezinformatsiyasiga qarshi tezkor javob mexanizmini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab “Reyter” agentligiga ma’lum qildi.
“Katta yettilik” (G7) tashqi ishlar vazirlarining Londonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi oldidan so‘zlagan Raab Buyuk Britaniya Rossiyaning axborot xurujlariga qarshi mexanizmni ishlab chiqish ustida ishlayotganini aytdi.
“Yolg‘onlar, tashviqot yoki soxta yangiliklar tarqatilganida nafaqat individual tarzda, balki birlashgan holda qarshilik ko‘rsatishimiz va nainki mamlakatimiz aholisiga, balki Rossiya, Xitoy, umuman, butun dunyo ahliga haqiqatni yetkazishimiz kerak”, – dedi D.Raab.
Buyuk Britaniya, AQSh va Yevropa xavfsizlik xizmatlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy saylovlarda dezinformatsiya tarqatish, COVID-19 vaksinalari haqida yolg‘on tarqatish orqali G‘arbda ishonchsizlik urug‘larini ekishga urinmoqda.
Kreml bu ayblovlarni rad etib, G‘arbni Rossiyaga qarshi jazava chulg‘ab olganini aytib keladi.
“Avval-boshdanoq tashviqotga “boshqorong‘i” bo‘lgan, qurolli bosqinchilik va hukumatlarni ag‘darishni oqlash uchun propogandadan bir necha marotaba foydalangan davlatlar o‘z qilmishini nima sababdan mamlakatimizga ag‘darayotgani haqida o‘ylab ko‘rish vaqti keldi”, – dedi ingliz vazirining bu sharhi ortidan Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova.
Ayni choqda, Xitoy ham G‘arbni zo‘ravonlikda ayblab keladi. Pekinga ko‘ra, G‘arb mamlakatlari rahbarlari postimperial dunyo qarashga ega bo‘lib, ular o‘zini global mirshablardek tutishga urinmoqda.
Buyuk Britaniya Rossiyani o‘z xavfsizligiga eng katta tahdid deb biladi. London uchun Xitoy ham harbiy, iqtisodiy va texnologik jihatdan uzoq muddatli jiddiy muammo hisoblanadi.
Raab dushanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashadi.
Ingliz tashqi siyosat mahkamasi rahbariga ko‘ra, yuzma-yuz uchrashuv diplomatiyani ancha osonlashtiradi.
“Zoom yordamida ko‘p ish qilishning iloji yo‘q”, – deydi u.
“Katta yettilik”ka Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya a’zo bo‘lib, ularning umumiy yalpi ichki mahsuloti 40 trillion dollarni tashkil etadi. Bu esa global iqtisodiyotning qariyb yarmiga tengdir.
Keyingi oylarda Buyuk Britaniya va AQSh rasmiylari jug‘rofiy hududi bo‘yicha sayyoramizning eng yirik davlati bo‘lgan Rossiya va dunyodagi eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotga ega bo‘lgan Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlik rivojlanib borayotganidan xavotir izhor qilib keladi.
“Biz uchun eng muhim masala ochiq jamiyatlar, inson huquqlari, demokratiya, shaffof savdo tarafdorlari bo‘lgan hamfikr mamlakatlarning xalqaro guruhini kengaytirishdir”, – deydi Raab ushbu xavotirlar haqidagi savolga javoban.
Qayd etilishicha, ittifoqchilarning aksari pandemiyaning asl boshlanish sababini bilishni xohlaydi. 2019 - yil oxirida Xitoyda boshlangan koronavirus pandemiyasi bugunga qadar 3,2 million odam umriga zomin bo‘ldi, trillionlab dollarlik yo‘qotishlarga olib keldi.
D.Raabning ta’kidlashicha, “Katta yettilik” va boshqa hamfikr mamlakatlar o‘rtasidagi ba’zi to‘siqlar olib tashlanishi kerak. O‘shanda ochiq bozorlar va demokratiya tarafdorlari bo‘lgan ittifoqchilar tarmog‘i yanada kengayadi.
Buyuk Britaniya Hindiston, Avstraliya va Janubiy Koreyani joriy hafta dushanbadan chorshanbagacha davom etadigan uchrashuvlarga va iyun oyida bo‘lib o‘tadigan asosiy sammitga taklif qilgan.