OzodDayjest: Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov o‘zbek olimlari vaksina yarata olmaganini tanqid qildi
“Adolat” partiyasi rahbari O‘zbekistondagi koronavirusga qarshi emlov jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklardan bahs etdi. Ekologiya sohasidagi muammolarga noto‘g‘ri boshqaruv tizimi sabab bo‘layotgani urg‘ulandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbariyati oddiy ishchilardan bir necha o‘n barobar ko‘p maosh olmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
__________________________________________________________
“Adolat” partiyasi raisi vaksina tanqisligi aybdorlarini qoraladi
“Adolat” partiyasi yetakchisi Bahrom Abduhalimov mamlakatdagi koronavirusga qarshi emlash jarayonidagi kamchiliklardan so‘z ochdi. Xususan, u so‘nggi kunlarda “ZF-UZ-VAC” turidagi vaksinaning ikkinchi va uchinchi dozasini olishda muammo bo‘layotganiga e’tibor qaratdi (“Jamiyat” gazetasi, 12 - avgust).
“Vaksinatsiyaga davlat darajasida ahamiyat berilayotgan bir paytda, koronavirus global muammoga aylangan bugungi zamonda nega vaksina masalasiga panja ortidan qaralmoqda? Ikkinchi doza tanqisligi yuzaga kelishi ishlarning rejasiz amalga oshirilgani, avvalboshdan pishiq-puxta dasturlar asosida ishlanmaganidan dalolatdir”, deb yozdi u.
“Adolat” partiyasi rahbari mahalliy olimlar hozirga qadar kovidga qarshi emdori yarata olmaganini ham tanqid qildi.
“Vaksinalar ixtirosi boshlangach, AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya kabi davlatlar o‘z ilm namunalarini taqdim eta boshladi. Hatto qo‘shni Qozog‘iston ham o‘z vaksinasini yarata oldi. Yurtimizda ilm-fan rivojiga e’tibor yuqoriligi va salohiyatli olimlarimiz borligiga qaramay bizdan bunday tashabbus chiqmadi. Xitoy va O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan vaksina esa bu fikrimizga o‘chirg‘ich bo‘lolmaydi. Chunki uning atrofida ham turli mishmishlar tarqadi-yu, mutasaddilar tomonidan raddiya berilmadi”, degan B.Abduhalimov.
Ayni paytda u Xitoy-O‘zbekiston vaksinasiga ishonch sustligi, bundan esa mutasaddilar to‘g‘ri xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi B.Abduhalimov joriy yil 24 - oktabrda bo‘ladigan prezidentlik saylovi uchun nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Huquqshunos: Ekologiya qo‘mitasining qo‘llari bog‘langan
Ekologiya sohasidagi bugungi muammolarning asosiy sababi noto‘g‘ri boshqaruv tizimidir (“Mahalla” gazetasi, 7 - avgust). Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi amalda mustaqil emas, qo‘llari bog‘langan, deb yozgan deb yozadi huquqshunos Saidali Muxtoraliyev.
Qo‘mita yaqin-yaqingacha rasman faqat Oliy Majlis Senatiga bo‘ysunar edi. 2017 - yilning aprel oyidan bu tartib bekor qilinib, qo‘mita Vazirlar Mahkamasi bo‘ysinuviga o‘tkazildi. Ayni vaqtda ekologiya qo‘mitasi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladigan majmua tomonidan nazorat qilinadi.
Qayd etilishicha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi atrof-muhit sohasidagi eng ko‘p qonunbuzarliklar bo‘ladigan, eng ko‘p daraxtlarni kesadigan qurilish, transport hamda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari bilan bir tizimda turibdi.
“Amalda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan yuqoridagi vazirliklarning qurilish va bunyodkorlik ishlariga “xalal bermaslik” talab qilinadi. Kerak bo‘lsa, daraxtlar masalasida ham”, deb yozgan muallif.
Bundan tashqari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlari rahbarlari o‘sha hududdagi hokimlarning roziligi bilangina lavozimga tayinlanadi.
“Qarang, axir joylarda ekologiya sohasidagi asosiy qonunbuzarliklar hokimlarning o‘zibo‘larchiligi yoki ekologiya sohasini ikkinchi darajali soha deb bilishlari tufayli kelib chiqayotgani bor haqiqat-ku!.. Shu sababli o‘tgan yillar davomida hududiy ekologiya organlaridagi ekologiyani, tabiatni himoya qiladigan rahbarlar hokimlar uchun doim “noqulay” bo‘lib kelgan. Shuning uchun, taxminan 2016-2017 - yillardan boshlab hokimlar hududiy ekologiya organlariga haqiqiy ekologlarni, tabiat himoyachilarini qo‘yilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilib keladi. Va odatda, o‘zlariga yaqin bo‘lgan va kezi kelganda bir og‘iz ishora bilan kerak bo‘lsa, o‘zi daraxtlarni kesishga yo‘l ochib beradigan noekologlarni tayinlashga erishib keladi”, deb yozgan huquqshunos S. Muxtoraliyev.
Energiya kengashi a’zolari ishchilardan qariyb 100 baravar ko‘p mukofot puli olmoqda
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyati rais va uning o‘rinbosarlari maoshi 30 million so‘mni, tunu kun mehnat qilayotgan oddiy ishchiniki esa 1,5-2 million so‘mni tashkil etmoqda (“Rost24”, 11 - avgust).
Ekspert komissiyasi va kuzatuv kengashi a’zolari esa har yili bir marta 200-300 mln so‘m alohida pul mukofotlari oladi. Jamiyat ishchilari moddiy rag‘batdagi keskin tafovut hamda mehnatga yarasha yetarli maosh berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyati ko‘pincha O‘zbekistondagi elektr kabellarining yetarli darajada yangilanmagani va bunga mablag‘ yetishmasligini bahona qilib turganda, ekspert komissiyaci va kuzatuv kengashi a’zolari har yili 200-300 mln so‘mdan alohida pul olishlari kishini hayron qoldiradi. Aholini qahraton qishda sovuq, jazirama yozda issiqda arang jon saqlashga majbur qilayotgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raislari va ekspert a’zolari pul sanash bilan ovorami?” deb yozdi “Rost24” nashri.
Tahririyat tizimdagi maoshlar haqidagi hujjatlarni qo‘lga kiritgach, uni tekshirish maqsadida jamiyat matbuot xizmatiga murojaat qilgan. Matbuot xizmati esa O‘zbekistonda elektr yetkazish bo‘yicha monopol bo‘lgan tashkilot rahbariyati maoshi sir tutilishini ma’lum qilgan.
“Rost24” nashri “Hududiy elektr tarmoqlari” raisi Ulug‘bek Mustafoyevga tashkilot rahbariyati maoshi davlat siri sirasiga kirmasligini eslatgan holda ma’lumotlarga ochiqlik kiritishni so‘ragan.