"Lukashenko saroyi". Belarus rahbarining dabdabali hayoti haqida surishtiruv e’lon qilindi
Belarus muxolifati Polshadan turib yuritayotgan “Nexta” telegram-kanali Aleksandr Lukashenkoning “dabdabali hayoti” haqidagi surishtiruvni e’lon qildi.
“Lukashenko. Tilladan tubanlik” deb nomlangan film “Youtube” platformasida 8 - mart kuni e’lon qilingan.
Surishtiruvda Lukashenkoning shaxsiy xarajatlari, maxsus uning uchun qurilgan villalar, u uchun sotib olingan qimmatbaho mashinalar hamda unga berilgan sovg‘alar namoyish qilingan. Filmda aytilishicha, Lukashenko Belarus va xorijning qing‘ir ishbilarmonlarga “himoya” taklif qilib kelgan. Xususan, mana shunday “himoya” evaziga rossiyalik oligarx Mixail Gutseriyev Lukashenkoga sovg‘a sifatida Minsk atrofidagi Krasnoselskoye tumanida hashamatli uy-joy majmuasini qurib bergan.
Boshlovchining ta’kidlashicha, film bir qator ismi sir bo‘lib qolishni istagan manbalar, jumladan, prezident ma’muriyatining sobiq mas’ul xodimi guvohligiga asoslangan. “Nexta” ushbu guvohliklarni dalillaydigan hujjatlarga ega ekanligini aytgan.
“Nexta” telegram-kanali asoschisi Stepan Putilo “Nastoyashchee vremya” nashriga 9 - mart kuni bildirishicha, hujjatlar ularni taqdim etgan shaxslar iltimosiga binoan filmda oshkor qilinmagan. Uning aytishicha, Lukashenkoning ismi hech bir hujjatda aks etmagan. Lekin Lukashenko tasarrufidagi, ammo uning nomida bo‘lmagan “Maybach” va “Rolls-Royce” kabi avtomobillarning qiymatining o‘zi 4 million yevrodan oshadi.
Belarusni 1994 - yildan berish boshqarib kelayotgan Lukashenkoning aytishicha, uning “yagona saroyi” u tug‘ilib o‘sgan 60 kvadrat metrlik xonadondir.
“Men davlatimizdan hech narsani o‘g‘irlamaganman, hech narsa olmaganman”, degan Lukashenko o‘tgan hafta film haqidagi xabarlar chiqqandan so‘ng.
Hokimiyatda qolish uchun konstitutsiyani bir necha marta o‘zgartirgan Aleksandr Lukashenko “Yevropaning so‘nggi diktatori” unvonini qozongan.
Avgustda bo‘lib o‘tgan saylovda Lukashenko oltinchi marta prezidentlikka saylangani rasman e’lon qilingach, mamlakatda o‘n minglab odam ishtirok etgan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda qatnashgan minglab namoyishchilar hibsga olingan, yuzlab odamlar politsiya zo‘ravonligiga duchor bo‘lgan. Keyinchalik muxolifat yetakchilari qamalgan yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Aleksandr Lukashenkoni qasamyodga keltirish marosimi 2020 - yilning 23 - sentabrida imi-jimida o‘tkazildi. Belaruslik muxolifatchilar ham, G‘arb davlatlari ham Aleksandr Lukashenkoni Belarusning legitim prezidenti, deb tan olmasligini bildirgan. Yevropa Ittifoqi Belarus rasmiylari, jumladan, Lukashenkoga qarshi sanksiyalar joriy etgan.